Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va “KRANTAS GROUP” korxonalar guruhi rahbari Muxtor Karimov tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va “KRANTAS GROUP” (“Krantas Group”, “Krantas”, “Kran va maxsus texnikalar” va “Nurafshon Maxsus Texnika” MCHJlar) korxonalar guruhi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
– Ilmiy loyihalarni xususiy sektor bilan birgalikda moliyalashtirish yurtimiz ilm-fani oldida turgan eng muhim masalalardan biridir, – dedi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Ishlab chiqarishdagi real muammolarga olimlar tomonidan yechim topilishi, shu bilan birga, olimlar tomonidan yaratilgan ishlanmalarni seriyali ishlab chiqarish orqali ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida koʻprik quriladi. Mana shu koʻprik ikki soha vakillari uchun ham oʻzaro manfaatli boʻlishi shubhasiz.
Mazkur memorandum mashinasozlik sohasida yangi konstruktorlik ishlanmalarini yaratish va mavjud ishlanmalarni modernizatsiya qilish boʻyicha oʻzaro hamkorlikka qaratilgan. Yurtimizda mashinasozlik sohasini rivojlantirish, jahon talabiga javob beradigan yangi konstruktorlik ishlanmalarini yaratish, mavjudlarini yana-da rivojlantirish xamda kooperatsiya orqali ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash hamkorlikning asosiy maqsadidir. Shu bilan birga, sohada mavjud muammolarning ilmiy yechimini taʼminlash boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun qoʻshma tanlovlar boʻyicha oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
– Mahsulotimiz raqobatbardosh boʻlishi uchun uni muntazam ravishda takomillashtirib borish talab etiladi, – deydi Muxtor Karimov. – Buning uchun yangicha yondashuvlar, innovatsion materiallar va ishlanmalar talab etiladi. Biz mahsulotlarimizni ishlab chiqarishda xorijiy xomashyodan foydalanishni kamaytirib borishga intilamiz. Mahalliylashtirish masalasi oʻta muhim. Yurtimiz olimlari tomonidan taqdim etilishi mumkin boʻlgan yechimlardan foydalanish, oʻylaymanki, har tomonlama foydalidir. Shu bois ham ilmiy tadqiqotlarga alohida urgʻu bermoqdamiz.
KRANTAS GROUP” korxonalarida 60 turdan ziyod maxsus texnika, jumladan, avtokran, samosval, kran manipulyatorlari, suv, kislota, yonilgʻi tashuvchi avtotsisternalar, kommunal texnika, avtoustaxonalar, avtogidrokoʻtargichlar, vagon-uylar, chiqindi tashuvchi, kanal yuvuvchi mashinalar, traktor va universal kombaynlar ishlab chiqarilmoqda. Import oʻrnini bosuvchi, eksportbop ushbu texnika vositalari mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlariga yetkazib berilmoqda.
Endi esa iqtisodiyot tarmoqlarida ishlatiladigan maxsus texnikalarning yangi chizmalari va ularning dastlabki modellarini yaratish, mavjudlarini rivojlantirish boʻyicha amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlari uchun ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi shakllantiriladi. Tanlov natijalariga koʻra gʻolib topilgan loyihalar asosida qurilish va yoʻl qurilishi texnikalari, yonilgʻi-moy va boshqa turdagi suyuqliklarni tashish va saqlash uchun moʻljallangan sisternalar, yongʻin xavfsizligi maxsus uskunalar, qutqaruv texnikalari va yongʻinga qarshi avtomobillar, portlovchi moddalarni olib yurishga va saqlashga moʻljallangan komplekslar xamda avtomobillar, qishloq xoʻjaligi texnikalari, shu jumladan, traktorlar, kombaynlar va paxta terish mashinalarini yaratish va takomillashtirish ishlari olib boriladi.