Yurtimiz vakillari tashrif doirasida Riga shahrida joylashgan Latviya sport taʼlimi akademiyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Unda oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, ilmiy tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, yosh olimlarning oʻzaro tajriba almashish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi hamda ikki tomonlama hamkorlik bitimi imzolandi.

Universitetimiz delegatsiyasi Litva sport universiteti tarkibidagi Sport va innovatsiyalar tadqiqot institutida ham boʻldi. U yerdagi sportchilar oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida foydalaniladigan mobil laboratoriyalar, atletlarning sakrash kuchini oʻlchab beradigan “BTS bioyengineyering” hamda zamonaviy “biomech” apparatlari vakillarimizda katta qiziqish uygʻotdi.

Laboratoriya xodimlari tomonidan zamonaviy texnika vositalarining qanday ishlatilishi, kunlik meʼyorlari haqida tushuncha berildi. Uchrashuv soʻngida Litva Sport va innovatsiyalar tadqiqot instituti bilan hamkorlikda faoliyat olib borish masalalari kelishib olindi.

Taʼkidlash joiz, mazkur safar Prezidentimiz raisligida 23-may kuni sport taʼlimini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish, murabbiylar tayyorlashdagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.

Hamyurtlarimizning Boltiqboʻyi davlatlariga tashrifi 24-iyungacha davom etadi.