O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasida ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni loyihasi O'zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali regulation.gov.uz ga joylashtirildi.

Unda keltirilishicha, O'zbekiston Respublikasi 2030 yilga borib Global innovatsion indeks reytingi bo'yicha jahonning 50 ilg'or mamlakati qatoriga kirish asosiy maqsad qilingan.

Har uch yilda 1 marta mahalliy ilmiy salohiyatning davlat ilmiy-texnik ekspertizasining va fanni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarining halqaro audit tashkilotlari tomonidan mustaqil fan auditi o'tkaziladi.

SHu bilan birga, vakoatli davlat organi tomonidan yillik monitoring tizimi yo'lga qo'yilib, mustaqil fan auditi natijalari bilan uyg'unlashtirilgan ilmiy tashkilotlarning milliy reytingi tizimi shakllantiriladi.

Ilm-fan sohasiga davlat byudjetidan ajratiladigan mablag'lar bosqichma-bosqich 2022 yilgacha yalpi ichki mahsulotning 0,8 foizi miqdorigacha oshiriladi. Bunda ajratilgan mablag'lar

  • mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik muhim yo'nalishlariga muvofiq ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish
  • va ilmiy hajmdor mahsulotlar yaratish bo'yicha ilm-fanga oid davlat, hududiy, va xalqaro dasturlarini hamda startap loyihalarini davlat buyurtmasi tanlovlariga muvofiq moliyalashtirishga,
  • yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish,
  • yangi fan yo'nalishlari bo'yicha zamonaviy infratuzilmalarni tashkil qilish,
  • ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini muntazam yangilab borish,
  • oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim (doktorantura) institutini moliyalashtirish kabi rejalashtirilgan chora-tadbirlarga yo'naltiriladi.

Ilmiy tashkilotlarda forsayt guruhlari faoliyati yo'lga qo'yiladi va forsayt tadqiqotlari o'tkazib boriladi. Ilm-fanda o'z-o'zini boshqarish tizimini yo'lga qo'yish, ilmiy yo'nalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta'minlash  hamda  ilmiy maktablar, fan namoyandalar va etakchi olimlarning sohadagi ma'suliyatini oshirish maqsadida har bir fan yo'nalishlari bo'yicha nodavlat-notijorat tashkilotlar sifatida Fan jamiyatlari tashkil qilinadi.

Ilmiy loyihalarni xususiy sektor va tarmoq tashkilotlari bilan teng sheriklikda moliyalashtirish amaliyoti kengaytiriladi. Bunda davlat buyurtmasi doirasida korxona muammolarining echimiga qaratilgan tematik loyihalar tanlovlari tashkil qilinib, tanlov natijalariga ko'ra teng sheriklikda moliyalashtirish yo'lga qo'yiladi. Natijada Xususiy tarmoq korxonalarining ilmiy faoliyatni moliyalashtirishdagi ulushi salmoqli darajada o'sishiga erishiladi;

Ilmiy-innovatsion loyihalarni qo'shimcha moliyalashtirish maqsadida Jahon bankining ishlanmalarni tijoratlashtirishga ajratiladigan imtiyozli zayom mablag'lari jalb qilinadi. Jalb qilingan mablag'lar grant loyihalari ko'rinishida tadqiqotlarni tanlov asosida moliyalashtirishga, innovatsion korxonalar tashkil qilish orqali yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishga, ilmiy va innovatsion faoliyat ekotizimini rivojlantirish va mamlakatda texnologiyalar transferi markazlarini tashkil qilishga yo'naltiriladi;

Ilm-fan va ilmiy faoliyatga xorijiy davlatlar donor tashkilotlarining grantlari, texnik ko'mak va boshqa tashqi beg'araz ko'mak mablag'larini jalb etish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi. SHu maqsadda qator xalqaro ilmiy fondlar O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tkaziladi.

Ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarining ilmiy laboratoriyalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi hamda butlovchi qismlar bilan ta'minlanadi. Bunda yangi mexanizmlardan biri sifatida davlat buyurtmasi asosida tasdiqlangan loyihalarga ajratilgan mablag'larning kamida 40 foizini moddiy-texnik bazaga yo'naltirish asosida har bir ilmiy loyiha doirasida yangi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriyalar tashkil etiladi. Xususan, 2020 yilda kimyo yo'nalishidagi ta institutda 17 ta loyiha doirasida umumiy qiymati 7,0 mlrd so'mlik, biologiya yo'nalishidagi 5 ta institutda 9 ta loyiha doirasida umumiy qiymati 4,4 mlrd so'mlik zamonaviy ilmiy asbob-uskunalardan iborat laboratoriyalar tashkil etiladi.

eslatib o'tamiz, muhokama joriy yilning 22 mayiga qadar davom etadi. Ungacha qaror bilan batafsil tanishib, fikr bildirishingiz mumkin.