Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, Beruniy ilm-fan tarixini o‘rganishda aniq va qimmatli ma’lumotlar to‘plash bilan birga bu ishga nazariy-uslubiy nuqtai nazardan yondoshishga harakat qilgan va shu yo‘nalishda g‘oyat qiziqarli va muhim natijalarga erishgan. Qiziqarli tomoni shuki, Beruniyning fan tarixiga oid konseptual-uslubiy xulosalari, umumlashmalari zamonlar o‘tishi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotmasdan, qayta hozirgi kunda o‘zining haqiqiy qiymatini namoyon etyapti. Beruniy ilmiy-tarixi merosining davrimiz uchun zarurligining ikkinchi muhim tomoni shundan iboratki, u ilm-fan tarixini tiklashning ma’naviy-ruhiy ahamiyatini aniqlab, uning jamiyat, shaxs ma’naviy-axloqiy va aqliy shakllanishi va rivojlanishinig muhim vositasi, omili sifatida talqin etdi va tafakkur tarixiga shu nuqtai nazardan yondashish kerakligini ta’kidladi.
Demak, Beruniy nazarida ilm-fan shu jumladan uning tarixi, inson uchun borliq haqida aniq va to‘g‘ri ma’lumot berishi bilan birga uning ma’naviy qadriyatlarini, ma’naviy dunyosini shakllanishiga, axloqiy barkamollikka, xususan yaxshilik va yomonlikni ajratishga qaratilgan muhim vosita va ma’naviy ma’yor deb ta’riflanishi kerak.
Beruniyning fan tarixi, umuman tarixni o‘rganish sohasidagi buyuk xizmatlaridan biri shundan iboratki, u birinchilardan bo‘lib ilmni tadqiq etish uchun maxsus uslub ishlab chiqishga uringan. Bu uslub tadqiqotchi oldiga nafaqat sof ilmiy-nazariy, balki ma’naviy axloqiy talablarni qo‘yadi va ularni bu uslubning ajralmas muhim tarkibiy qismi, komponenti deb ta’riflaydi. Bu uslubning ma’naviy tomonini Beruniy quyidagicha bayon etadi: “So‘ngra buni ko‘pchilik kishilarning tabiatini pastlashtiradigan yomon axloqdan, haqiqatni ko‘rishga imkon bermaydigan omillardan o‘zini tozalagandan keyin, ularni isbot uchun keltirgan so‘z va e’tiqodlarini bir-biriga solishtirish bilan bilinadi. Ana shu aytib o‘tganim haqiqiy maqsadga yetkazuvchi eng yaxshi yo‘l va bunga dog’ tushiruvchi shak-shubhani yuvib tashlash uchun eng kuchli yordamchidir. Garchi qattiq urinib zo‘r mashaqqat cheksak ham o‘shandan boshqa yo‘l bilan maqsadga erisholmaymiz”.
Tafakkur tarixi muammolari bilan shug‘ullanadigan, uning falsafiy-uslubiy masalalari ustida bosh qotiradigan tadqiqotchi birinchi galda fanlarni kelib chiqish masalasi bilan to‘qnashadi. Shuning uchun Beruniy ham bu masalani maxsus tarzda qo‘yib, ularning paydo bo‘lishi jarayonini qo‘yidagicha ta’riflaydi: “Ilmiylarning holati mana shudir, shunga ko‘ra ular tarmoqlarga ajralib ketgan. Ularga ehtiyojning paydo bo‘lishi esa ularning keltiradigan manfaatidir, lekin ular yordamida topiladigan kumush va oltinlarda emas”. Bu ehtiyojlar albatta moddiy va ma’naviy bo‘lishi mumkin. Lekin Beruniy maxsus qayd qiladiki, haqiqiy ilmlar kelib chiqishi aslida tor manfaat va ta’magirlik bilan bog‘lanmaslik kerak. Ya’ni har qanaqa fan ham kelib chiqishda insondagi ma’lum ma’naviy qadriyatlarga borib taqaladi.
Olim bir necha fanlarning paydo bo‘lish sabablarini ko‘rib chiqib, ular orasidan bevosita inson ma’naviyatini takomollashtirishga qaratilganlarini ajraratadi. Shulardan balog‘ani, poetikani, mantiqni ko‘rsatish mumkin. Masalan balog‘ani quyidagicha ta’riflaydi: “Agar uning manfaati haqida so‘ralsa, bu uning o‘z zotida – fazilatidir. Bu haqida payg‘ambar alayhissalom “Haqiqatan notiqlikda sehrli (kuch) bor”, degan. Balog‘aning mavjudligi tufayli islom va imonning asli bo‘lmish Qur’onning ojiz qiluvchiligi isbotlanadi”.
Beruniy hatto u yoki bu fanni keltirgan moddiy ehtiyojlarini tahlil qilganda uning ma’naviy ehtiyojlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatishga va ularning o‘zaro munosabatlarini ochib berishga harakat qiladi. Shunga yorqin misol qilib geodeziyani keltirish mumkin. Uning paydo bo‘lishining asosiy sababi, bir tomondan azimuth va boshqa o‘lchovlarni aniqlash bo‘lsa, ikkinchi tomondan, diniy-ma’naviy ehtiyojlarni qondirish bilan bog‘liq. “Biz qibla azimutini aniqlashga qattiq ehtiyojimiz tushishi hamda (qibla) islomning ustuni va qutba bo‘lganligi uchun bu haqda bizga kerakli narsalarni bayon qilaylik. Olloh taolo aytgan: “Qayerdan chiqqan bo‘lsang ham yuzingni masjid Al-Haram tomoniga ogir, qayerda bo‘lsangiz ham yuzingizni uning tomoniga o‘giring””.
Fanlarning kelib chiqishi sabablarini ko‘rsatganda Beruniy bu muammoning yana bir muhim ma‘naviy tomonini ochib beradi. U ham bo‘lsa bu jarayonning inson ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lishi va tabiat, jamiyat, insonlar oldida ma’lum burch va xizmatlarni bajarishi kerakligi bilan belgilanadi.
Ilm-fanlar tarixini o‘rganishga Beruniy bashariyat miqyosida yondoshgan. Tarixiy-ilmiyjarayonning bir butunligi va yaxlidligi avvalo, odamzod bir negizdan kelib chiqishi bilan izohlanadi. “Odamlar, - deb yozdi Beruniy, - hammasi bir otaning farzandlari bo‘lib, bir-biriga o‘z qiyofasi bilan o‘xshab ketadi”. Bu esa insoniy svilizatsiyaning, shu jumladan fan tarixining bir butunligini, aloqadorligini belgilaydi. Lekin, ilm-fanning bashariyat miqiyosidagi birligining yana bir sababi bor, u ham bo‘lsa, ilmningning qaysi xalqda bo‘lishidan qat’iy nazar maqsad, uslub va vositalarning bir-biriga yaqinligi va ko‘p holatlarda yagonaligi ham desak bo‘ladi. Masalan, har bir fanning maqsadi borliqning ma’lum bir tomonini bilishdir. Ana shu maqsadga qarab ilmiy uslublar uslublar, vositalar ham ishlab chiqiladi. Albatta, har xil xalqlarda, mintaqalarda, rivojlanayotgan fanlarning uslub, vositalari ma’lum darajada farq qilishi mumkin. “Hindiston” asarida Beruniy Mahmud G‘aznaviy tomonidan Hindistonga qilgan yurishlarining oqibatlari to‘g‘risida gapirganda, birinchi galda, ularning ilm rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani to‘g‘risida qayg‘uradi. Xususan, G‘azna hokimlarining Hindistonga qilgan yurishlarini ta’riflab, hind xalqiga qanchalik qirg‘in keltirganini ta’kidlaydi va bu esa o‘z navbatida ayrim hindlarda musulmonlar to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lib, mazkur xalqlarda ma’lum darajada uzoqlashish yuzaga kelishiga ham sabab bo‘ladi. Ilm-fan borasida u quyidagicha xulosaga keladi: “Balki bu hodisalar bosib olingan mamlakatlardan ulardagi ilmlarning yo‘qolishiga, Kashmir, Banoras va bularga o‘xshash haligacha qo‘limiz yetmaydigan joylarga qochishga sabab bo‘lgandir. Shu bilan biraga u tomonlarda siyosat va diyonat sababli chet kishilarning barchasi bilan aloqa juda uzilgan”. Lekin fan rivojlanishining yirik ijtimoiy hodisalar va shaxslardan tashqari olimlarning shaxsiy xislatlari va mayllariga ham ma’lum miqdorda aloqadorligi bor. Masalan ayrim olimlar haqida gap ketganda Beruniy shunday deb yozadi: “O‘zlarini yuqori tutib, be‘mani harakat qiladilar va kibrlanib bilimsiz qoladilar. O‘rgangan narsalariga baxllik qilib, o‘z jinslaridan bo‘lsa ham, noahl kishiga o‘rgatmaydilar. Shunday bo‘lgandan keyin boshqalarga qanday o‘rgatsinlar! Chunki ular mamlakatlaridan boshqa mamlakat borligiga, u mamlakatlarda ham xalqning yashashligiga va o‘zlaridan boshqa xalqlarda ham ilm borligiga ishonmaydilar”. Ana shunday nojo‘ya harakatlar olimlarning ilmiy aloqalar o‘rnatishiga xalaqit beradi.
Boshqa xalqlar madaniyati, fan tarixi, umuman ma’naviyatini o‘rganishda ob’yektivlik, haqiqat yo‘lidan boorish kerakligini ta’kidlab, Beruniy bu talabga eng avvalo o‘zi qat’iyan amal qiladi. O‘zining “Hindiston” kitobi to‘g‘risida quyidagicha fikr yuritadi: “Bu kitob bahslashish va tortishish kitobi emas, shuning uchun bu kitobda dushmanlar isbotini keltirmayman va haqiqatdan chetga chiqqanlarga qarshilik ko‘rsatmayman. Bu faqatgina bayon qilish kitobidir, xolos”.
Umuman, Beruniy dunyoqarashiga xos bo‘lgan ma’rifatparvarlik, ilmni tarqatish ishtiyoqi fan tarixi sohasida o‘zining yorqin ifodasini topadi. Chunki yuqorida qayd etilgan Beruniyning fan tarixiga umumbashariy birlik nuqtai nazaridan yondoshish, ilm-fan yutuqlari bilan boshqa xalq olimlarini tanishtirish kerakligi prinsipial nazariy g‘oya tusini oladi. O‘zining yozishicha, u hindlar uchun tarjimalar bilan shug‘ullanar ekan, “ilm tarqatishga va ularda yo‘q ilmning ularda ham bo‘lishiga qiziqdi” va boshqa joyda bu fikrni davom ettirib “Mening butun fikr iyodim, qalbim bilimlarni targ‘ib qilishga qaratilgan, chunki men bilim orttirish lazzatidan bahramand bo‘ldim. Buni men o‘zim uchun eng katta baxt deb hisoblayman”.
Nosirxodjayeva Gulnora Abdukaxxarovna
TDYU kafedra mudiri, f.f.n. professor