Toshkent davlat tibbiyot universiteti hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda soha olimlari, professor-o‘qituvchilar, shifokorlar, talabalar, stipendiantlar, akademikning shogirdlari va hamkasblari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida akademik Yolqin To‘raqulovning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan film namoyish etildi. Anjuman davomida olimning o‘zbek endokrinologiya maktabini shakllantirishdagi o‘rni, biokimyo, radioterapiya va yod tanqisligi kasalliklari bo‘yicha olib borgan fundamental tadqiqotlari haqida ma’ruzalar tinglandi.
— Ba’zi insonlar boylik orttiradi, ba’zilari esa millat kelajagini quradi. Yolqin To‘raqulov ana shunday insonlardan biri edi, — dedi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Anvar Alimov. — Bugun erishilayotgan ko‘plab yutuqlarning poydevori aynan o‘sha davrda yaratilgan.
Ta’kidlanganidek, akademik Yolqin To‘raqulov nafaqat yirik olim, balki ilm, ta’lim va amaliyotni o‘zaro integratsiya qilgan kuchli rahbar sifatida ham tarixda qolgan. U kishi o‘z faoliyati davomida beshta universitetga rektorlik, ikki yirik ilmiy markazga direktorlik qilgan.
— Ustozimiz yod tanqisligi kasalliklarini o‘rganish bo‘yicha mintaqaviy ilmiy maktab yaratgan, — dedi Anvar Alimov. — Bu tadqiqotlar keyinchalik mamlakatimizda qabul qilingan qonun va profilaktika dasturlariga asos bo‘ldi. U kishi yuzdan ortiq shogird tayyorlagan bo‘lib, bugun ular nafaqat O‘zbekistonda, balki MDH davlatlarida ham faoliyat yuritmoqda.
Anjumanda akademikning insoniy fazilatlari ham alohida e’tirof etildi. Qayd etilishicha, u kishi mohir notiq, kuchli shaxmatchi va yoshlarni ilmga birlashtira olgan ustoz sifatida ko‘pchilik xotirasida saqlanib qolgan.
Tadbirda so‘z olgan Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuxrat Boymuradov universitetda akademik xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lum qildi.
— Toshkent davlat tibbiyot universitetida akademik Yolqin To‘raqulov nomida maxsus stipendiya ta’sis qilingan, — dedi Shuxrat Boymuradov. — Har yili 8 nafar bakalavr va 1 nafar magistrant ushbu stipendiyani qo‘lga kiritadi. Buning uchun talabalar ilm bilan shug‘ullanadi, maqolalar chop etadi, xorijiy tillarni o‘rganadi va ustozning hayoti hamda ilmiy merosini tadqiq qiladi.
Shuningdek, universitet muzeyida akademik hayotiga bag‘ishlangan maxsus bo‘lim tashkil etilgani, u yerda olimning talabalik davridan tortib rektorlik faoliyatigacha bo‘lgan tarixiy fotosuratlar va noyob materiallar jamlangani aytildi.
Anjuman ishtirokchilari ta’kidlaganidek, akademik Yolqin To‘raqulovning boy ilmiy merosi bugun ham yosh olimlar va shifokorlar uchun muhim tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bunday xotira tadbirlari esa ilm-fanga sadoqat, ustozlarga hurmat va milliy tibbiyot maktabining davomiyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuni aytish mumkinki, akademik Yolqin To‘raqulovning hayot yo‘li va ilmiy merosi bugungi yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi hisoblanadi. U kishi nafaqat o‘zbek endokrinologiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olim, balki ilm-fan, ta’lim va insonparvarlikni birlashtira olgan buyuk shaxs sifatida ham tarixda qolgan.
Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetida tashkil etilgan bunday ilmiy-ma’rifiy anjumanlar yoshlarni ilmga qiziqtirish, ustozlarga hurmat ruhini mustahkamlash va milliy tibbiyot maktabining boy merosini kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumot uchun, akademik Yolqin Xolmatovich To‘raqulov o‘zbek endokrinologiya maktabining asoschilaridan biri bo‘lib, biokimyo, yod tanqisligi kasalliklari, radioterapiya va endokrinologiya sohalarida yirik ilmiy tadqiqotlar olib borgan. U kishi yuzdan ortiq shogirdlar tayyorlab, mamlakat tibbiyoti va ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan.
Zulxumor Akbarova