Tadbirda saylov kampaniyasi tadbirlari, saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlar, shuningdek, chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalar huzurida tuzilgan saylov uchastkalari haqida soʻz yuritildi. Shu bilan birga, ayni kunlarda bir necha nufuzli xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar yurtimizga tashrif buyurgani va ular ushbu siyosiy jarayonlarga tayyorgarlik ishlari bilan tanishib borayotganliklari xususida maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalari mavjud boʻlgan 37 ta davlatda 54 ta statsionar saylov uchastkalari tashkil etilgan. Shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Jakarta shahridagi Elchixonasida 13- saylov uchastkasi joylashgan.

Ilxam Saputra oʻz soʻzida Oʻzbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida birinchi marotaba ishtirok etayotganini qayd etar ekan, Markaziy saylov komissiyasiga saylovi oʻtkazishda muvaffaqiyat tiladi.

—Tan olishimiz kerakki, biz Oʻzbekistonning saylov tizimini oʻrganishdan juda mamnunmiz,- dedi Indoneziya umumiy saylov komissiyasi raisi Ilxam Saputra. — Chunki bu Indoneziyaning saylov tizimida dolzarb boʻlgan muammolarni oʻrganishga, muqobil yechimlarni topishga yordam beradi. Masalan, Indoneziya orollardan iborat boʻlib, 34 provinsiya va 514 tumani bor. Shubhasiz, har 5 yilda bunday joylashuv bilan Prezident saylovini tashkil etish logistika muammolarni keltirib chiqaradi va biz bu borada Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasining tajribasini oʻrganmoqchimiz.

B.Xidirova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri