2025-yil davomida «IMEI» kodlari roʻyxatdan oʻtkazilishidagi muammolar yuzasidan Raqobat qoʻmitasiga 147 ta murojaat kelib tushgan.

Bu haqda qoʻmita axborot xizmati maʼlum qildi.

Qoʻmita tahlillariga koʻra, murojaatlarning 55 tasi ijobiy hal qilingan, 89 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 3 tasi esa tegishli organlarga yuborilgan.

Oʻrganishlar natijasida maʼlum boʻlishicha, amaldagi qonunchilikka koʻra, mobil qurilmalarning «IMEI» kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish majburiyati isteʼmolchiga emas, balki ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi yoki sotuvchi zimmasiga yuklatilgan.

Shuningdek, sotuvchi xaridorga qurilma haqida toʻliq va ishonchli maʼlumot taqdim etishi hamda roʻyxatdan oʻtgan mahsulotni sotishi shart.

Qoʻmita tadbirkorlik subyektlarini «IMEI» kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish talablariga qatʼiy rioya etishga chaqirdi.

Aks holda, isteʼmolchilar huquqlari buzilgan holatlarda belgilangan tartibda choralar koʻrilishi taʼkidlandi.