I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti rektori bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Ta'lim 26 Oktabr 2021 1070

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti rektori Viktor Martinovni qabul qildi.

    Uchrashuv davomida tomonlar Rossiya va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalariga toʻxtalib oʻtdilar. Jumladan, Viktor Martinov bugungi kunda Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, xususan, neft va gaz sohasida kadrlar tayyorlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

    Shuningdek, mehmon I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini yanada takomillashtirish, oʻquv jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni, dasturiy taʼminotlarni joriy etish, sohada ishlab chiqarish bilan dual hamkorlik tizimini rivojlantirish, akademik mobillik boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

    Uchrashuv davomida tomonlar kelgusida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, kengaytirish va ularni amalga oshirish uchun zaruriy tadbirlarni belgilashga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot oʻrnida, Filialning asosiy vazifasi respublikaning neft va gaz tarmogʻiga I.M.Gubkin nomidagi RDNGUda qabul qilingan, umumxalqaro va milliy talablarga mos keluvchi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdir.

    Hozirgi kunda Filialda 45 nafar mahalliy oʻqituvchi faoliyat koʻrsatyapti, ulardan 4 nafari fan doktori va 15 nafari fan nomzodlari. Shuningdek, oʻquv jarayoniga I.M.Gubkin nomidagi RDNGU mutaxassislari ham jalb etilgan.