Imkoniyati cheklangan namanganlik Robiya imtiyozli grant asosida oʻqishga kirdi

    Ta'lim 15 Oktabr 2020 1361

    Xabaringiz bor, mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning hayotda, jamiyatda oʻz oʻrnini topishlari uchun keng imkoniyat berish maqsadida 2020/2021 oʻquv yilida xotin-qizlar uchun oliy taʼlim muassasalariga berilgan grant oʻrinlarining 4 foizi miqdorida qoʻshimcha davlat granti ajratilgandi.

    Kuni kecha Namangan shahridagi “Yoshlar markazi”da ana shunday imtiyoz asosida oʻqishga qabul qilingan 76 nafar qizni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Unda viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Iroda Qoʻchqorova, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Tohirjon Karimov tomonidan talabaga aylangan qizlarga samimiy tabriklar yoʻllandi va guldastalar taqdim etildi.

    - Yaqinda 18 yoshga kirdim. Bugun esa shodligim qoʻshaloq boʻldi, juda baxtliman. Garchi imkoniyatim cheklangan boʻlsada, aslo ruhimni tushirmayman. Hayotga muhabbatim, odamlarga mehrim boshqacha. Bolaligimdan tikuvchilikka, chizish-boʻyashga, nimadir yangilik yaratishga ishtiyoqim kuchli. Shuning uchunmi, gʻayrat-shijoat, sevgan mashgʻulotim boʻyicha intilishdan toʻxtamayman. Talaba boʻlish barchaning orzusi, shukur, niyatim oʻz vaqtida ushaldi, maqsadimga imtiyozli tarzda erishdim. Qarang, moʻjiza roʻy berib, Namangan muhandislik-texnologiya institutining “dizaynerlik” yoʻnalishiga davlat granti asosida talabalar safidaman. Bunga Prezidentimizning tegishli koʻrsatmasiga muvofiq Namangan shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan tavsiya etilganimdan gʻoyat xursandman va minnatdorman, - deydi biz bilan suhbatda Namangan shahridagi 51-maktab bitiruvchisi, 1-guruh nogironi Robiya YUSUPOVA.

    Orifjon JOʻRAYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.