30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Prezidenti farmoni asosida tashabbuskor va yetakchi yigit-qizlar qatorida “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandim.

Bugun yurtimizda tadbirkorlik bilan shugʻullanaman, oʻz biznesimni boshlayman, degan odamga barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ayniqsa, yoshlarning tadbirkorlik sohasidagi gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularni ish va daromad manbai bilan taʼminlashga juda katta ahamiyat qaratilmoqda.

Yosh tadbirkorlarga, eksportyorlarga, ayniqsa, qoraqalpogʻistonliklarga koʻrsatilayotgan eʼtibor men kabi minglab ishbilarmonlarni yanada jadal ishlashga undayapti. Chunki 7 yil soliq stavkasining oʻzgarmasligi, transport logistikasi xarajatlarining 70 foizigacha qoplanishi, kredit olishda 75 foiz kafillik berilishi hamda olingan sertifikatga sarflangan mablagʻning 100 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi bizniki singari kichik korxonalarning dunyo bozoridagi yirik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilishiga imkoniyat yaratmoqda.

Fermer xoʻjaligimiz bir nechta xalqaro sertifikatga ega. 2023-yilning may oyida “YUKSALISH” umummilliy harakatining Oʻzbekiston Respublikasidagi 30 ta eng yaxshi yosh tadbirkori roʻyxatiga kiritildik.

Bilasizmi, qilayotgan ishim toʻgʻriligini va buni davlat qoʻllayotganini his qilgach, oldimga qoʻygan maqsadlarimni yanada kengaytirdim. Italiya, Isroil, Yaponiya va AQSHdan Nukus shahriga tashrif buyurgan tadbirkorlar bilan uchrashib, 6 yillik hamkorlik rejalari tuzib, mahsulot ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich 20 barobar kengaytirishni reja qildim.

Shuningdek, 2022-yili Innovatsion rivojlanish vazirligining start-up loyihalari doirasidagi loyihamni takomillashtirish uchun 1,1 milliard soʻm grant yutib olganman. Oʻtgan yili fermer xoʻjaligim ushbu vazirlik tomonidan oʻtkazilgan tanlovda “Yilning eng yaxshi start-up loyihasi” nominatsiyasi bilan taqdirlandi. Korxonamizning yillik aylanma mablagʻi 2018-yil 700 million soʻm edi. 2023-yilda bu koʻrsatkich 4 milliard 310 million soʻmni tashkil etib, 150 ishchining bandligi taʼminlandi. Ularning 40 nafarini yoshlar tashkil etmoqda.

Biz xalqimiz ishonchini oqlashga, yurtimiz iqtisodiyotini taraqqiy ettirishga, aholi turmush farovonligini yanada yaxshilashga doimo tayyormiz.

Sherzod NIYAZIMBETOV,

“Biogumus” fermer xoʻjaligi rahbari,

“Kelajak bunyodkori” medali sohibi