Import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar roʻyxati tasdiqlandi

    “Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqindilar, ayrim turdagi xavfli mahsulot va kimyoviy moddalar muomalasi bilan bogʻliq nazoratni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (916-son, 30.12.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, quyidagilar tasdiqlandi:

    • Oʻzbekistonga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar va chiqindilar roʻyxati;
    • Oʻzbekistonga olib kirilishi taqiqlangan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari va boshqa turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar roʻyxati;
    • Import-eksport qilinishi davlat tomonidan tartibga solinadigan va majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim boʻlgan xavfli mahsulotlar hamda chiqindilar roʻyxati.

    Oʻzbekiston hududiga belgilangan chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun olib kiruvchilar quyidagilarga ega boʻlishi shart:

    • chiqindilarni mustaqil ravishda toʻliq utilizatsiya qiladigan, qayta ishlaydigan yoki ulardan takroriy foydalanadigan import qiluvchilar – chiqindilarni utilizatsiya qilish, qayta ishlash yoki takroriy foydalanish jarayonlarining atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishi toʻgʻrisidagi bayonot loyihasi boʻyicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasiga;
    • chiqindilarni mustaqil ravishda toʻliq utilizatsiya qilishi, qayta ishlash yoki ulardan takroriy foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmagan import qiluvchilar – mazkur chiqindilarni topshirish yoki realizatsiya qilish yuzasidan chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnomaga.

    Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.