Xususan, Departamentning Karmana tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqarolar S.A. va M.A. “K.T.” MCHJni tashkil etib, biolaboratoriya jihozlari va boshqa kerakli uskunalar olish uchun hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 2,5 mlrd soʻm imtiyozli kredit mablagʻini goʻyoki uskuna va jihozlar sotib olish mazmunida 9 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarga koʻchirish orqali oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Namangan tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “X.z.” MCHJ rahbari F.X. “U.Yu.” xususiy korxonasi rahbari M.A. va boshqalar oʻzaro til biriktirib, hududiy tijorat banklari filialidan parrandachilikni rivojlantirish hamda zamonaviy gidroponik issiqxona qurish uchun ajratilgan 2,2 mlrd soʻm va 486 970 AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlarini boshqa maqsadlarda sarflab, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Guliston tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.X.” MCHJ rahbari R.R., “S.I.” fermer xoʻjaligini norasmiy boshqarib kelgan S.B. va boshqalar “A.X.” MCHJga tomorqachilik faoliyatini rivojlantirish uchun texnika va jihozlar sotib olishga ajratilgan 1,9 mlrd soʻm imtiyozli kredit mablagʻini “S.-7” MCHJ “S.I.” fermer xoʻjaligiga oʻtkazish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.