Imtiyozli narxlarda tarqatilishi kerak boʻlgan koʻmirni talon-toroj qilganlar ushlandi

    Samarqand viloyatida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urgut tumani boʻlimi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Koʻmir taʼminot“ MCHJning Samarqand filiali “Zarafshon“ koʻmir ombori masʼul shaxslari aholi va byudjet tashkilotlariga imtiyozli narxlarda tarqatish uchun ajratilgan 21 tonna koʻmirni boshqa shaxslarga sotish maqsadida fuqaro U.N.ga tegishli yuk avtomashinasida Urgut tumaniga olib kelgan vaqtida ushlandi.

    Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda ushbu ombor mudiri M.B. va boshqalar umumiy bahosi 915,7 mln. soʻmlik jami 1765 tonna koʻmirni talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.