Uchrashuvda Hanshin Engineering & Construction tomonidan Qoʻqon shahrida barpo etilishi rejalashtirilayotgan K-Town shaharchasi loyihasi yuzasidan soʻz bordi.
Eng ilgʻor Koreya texnologiyalari asosida qad rostlaydigan ushbu majmua, ostki qismida ikki etajli avtoturargohlar mavjud 9-16 qavatli turar-joylar, maktab, bolalar bogʻchasi, parklar, yashil maydonlar, sport maydonchalarini oʻz ichiga oladi.
2021-yil avgust oyida tamal toshi qoʻyiladigan majmua loyihasi 4 bosqichda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Viloyat hokimi bugungi kunda turar-joylarga talab kun sayin ortib borayotganini qayd etib, majmua qurilishi sifatiga taʼsir etmagan holda, amalga oshirish davrini qisqartirish boʻyicha mulohazalarini bildirdi.
1950-yilda tashkil etilgan Hanshin Engineering & Construction kompaniyasi, Koreyada koʻplab yirik loyihalarni, shu jumladan Inchxon aeroporti loyihasini amalga oshirgan. Kompaniya Saudiya Arabistoni, Xitoy, Quvayt, Kambodja, Filippin va boshqa koʻplab mamlakatlarda ham yirik qurilish loyihalariga oʻz imzosini qoʻygan.