Muloqot chogʻida Fargʻona viloyatining Koreya Respublikasi bilan hamkorligini yangi bosqichga koʻtarish masalalari muhokama qilindi.

Koreyaning Fargʻona viloyati bilan hamkorlik aloqalari boʻlgan xorijiy davlatlar orasida oʻrni beqiyos ekanini taʼkidlagan viloyat hokimi, Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fenning bu hamkorlikni kuchaytirishdagi xizmatlarini alohida minnatdorchilik bilan eʼtirof etdi.

Uchrashuvda Koreyadan Inchxon shahrida Fargʻonaga toʻgʻri toʻgʻri aviareyslarni yoʻlga qoʻyish borasida ham soʻz bordi. Xayrullo Bozorov Fargʻona vodiysi viloyatlarini, shuningdek qoʻshni davlatlarning chegaradosh hududlarini Koreya bilan bogʻlovchi bu reysning ahamiyatini alohida taʼkidlab, uni yoʻlga qoʻyish borasida har tomonlama harakat qilinayotganini taʼkidladi.

Koreya-Oʻzbekiston Biznes assotsiatsiyasi rahbari Edvard Kim “Oʻzbekiston havo yoʻllari” kompaniyasidan tashqari Koreyadagi aviakompaniyalardan biri bilan ham bu borada muzokara yoʻlga qoʻyilganini maʼlum qildi.

Shuningdek, yirik koreys qurilish kompaniyasi tomonidan Qoʻqon shahrida Koreya sifati va texnologiyasi asosida 5000 xonadonli turar-joy majmuasi barpo etish loyihasi ham muhokama qilindi. Ushbu kompaniya vakillari kelgusi haftada Fargʻona viloyatiga keladigan boʻldi.

Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universiteti faoliyatini rivojlantirish borasida ham fikr almashildi. Ushbu universitetning yaqin yillarda Oʻzbekistondagi eng nufuzli oliygohlardan biriga aylanishini taʼkidlagan Edvard Kim, Fargʻonada Koreya tizimiga asoslangan maktabgacha taʼlimdan to oliygohgacha boʻlgan taʼlim jarayoni shakllantirilishini bildirdi.

Oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida joriy yil sentyabr oyida Fargʻona shahrida koreyalik yirik ishbilarmonlar ishtirokida Oʻzbekiston-Koreya Biznes forumi oʻtkazish boʻyicha kelishib olindi.