Yarmarka doirasida bir qator manfaatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Indoneziyada faoliyat ko‘rsatuvchi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarning O‘zbekistonga sayohatlarini tashkil etish va ular tomonidan yurtimiz turizm imkoniyatlari haqida qiziqarli mediakontentlar tayyorlash masalasida bir nechta uchrashuvlar tashkil etildi.
Nafaqat Indoneziyada, balki Sharqiy Osiyo mamlakatlarida taniqli bo‘lgan kinoaktyor va bloger Verrel Bramasta hamda uning ijodiy guruhi bilan olib borilgan ikki tomonlama muzokaralar jarayonida joriy yilning sentyabr oyida jamoaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Verrel Bramasta bugungi kunda Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 27 milliondan ziyod obunachiga ega bo‘lsa, YouTube platformasida uni 4,5 million nafarga yaqin obunachi kuzatib boradi. E’tiborlisi, obunachilarning 85 foizini yoshlar tashkil etadi.
Verrel Bramasta va uning jamoasi tomonidan tayyorlangan turli xil videoroliklar Indoneziyadan tashqari Malayziya va Singapurda ham ko‘p marta tomosha qilingan.
Shu boisdan blogerni O‘zbekistonga jalb qilgan holda mamlakatimizning tarixiy maskanlari va tez rivojlanib borayotgan qishki hamda tog‘ turizmi yo‘nalishlarida videoroliklar ishlash bo‘yicha kelishib olindi.