Samarqand viloyatida joylashgan “Ingichka” koni joriy yilda “Olmaliq KMK” AJ tasarrufiga oʻtkazilgan. “Ingichka” volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash va volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qoʻshilgan qiymatli eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, kuni kecha “Ingichka” konidan ilk volfram mahsuloti olinishiga erishildi, deya xabar beradi OKMK Axborot xizmati.

Maʼlumot uchun: volfram — nodir metallar sirasiga kiradi va qattiq qotishmalar uchun asos hisoblanadi. Volframdan poʻlatlarni legirlashda, yeyilishga chidamli va issiqbardosh qattiq qotishmalar olishda foydalaniladi. Shuningdek, aviatsiya, kosmonavtika va elektrotexnikada keng qoʻllaniladi. Zichligi yuqori boʻlganligi uchun undan zirhlar ham tayyorlanadi. Hozirgi kunda jahon bozorida 1kg volframning narxi — 40 dollar.

“Ingichka” konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash evaziga yiliga 100 tonna volfram olinadi.

Eʼtiborlisi, bu loyiha 150 ta yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi.