Ammo inklyuziv jamiyatni faqat davlat idoralari yoki mutaxassislar ishtirokida qurib boʻlmaydi. Bu jarayonda eng muhim kuch — yoshlarning oʻzi. Chunki bugungi oʻgʻil-qizlar nafaqat ertangi kun egasi, balki hozirgi oʻzgarishlarning faol ishtirokchisi hamdir. Ularning fikri, tashabbusi va innovatsion gʻoyalari jamiyat taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda.

Buning yorqin namunalaridan biri Samarqand shahrida tashkil etilgan “Fikr ber! (“Voice UP”) xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohi boʻldi. Mazkur platforma Oʻzbekis­ton, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, ­Tojikiston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Turkiyadan kelgan faol yoshlarni yagona maqsad — inklyuziv va adolatli jamiyat qurish gʻoyasi atrofida birlashtirdi.

“Fikr ber!” loyihasining oʻziga xos jihati shundaki, unda yoshlar faqat tinglovchi emas, balki muallif va tashabbuskor sifatida ishtirok etdi. Oromgoh doirasida autizm spektridagi bolalar uchun kommunikatsiya tizimlarini yaratish, nogironligi boʻlgan yoshlar uchun sunʼiy intellekt asosida taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish, inklyuziv turizmni rivojlantirish, koʻzi ojiz bolalar uchun innovatsion taʼlim texnologiya­larini joriy etish, adaptiv kiyim-kechaklar ishlab chiqish kabi oʻnlab lo­yihalar taqdim etildi. Ushbu tashab­buslar yosh­larning jamiyatdagi muam­molarni chuqur his etayotgani va ularni hal etishga tayyor ekanini yaqqol namoyon etdi.

Eng muhimi, bu loyihalar faqat gʻoya sifatida qolib ketmadi. Ularning aksariyatiga amaliy tavsiyalar berildi, ayrimlari esa Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hamkor tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi maʼlum qilindi. Bu esa yoshlarning ovozi eshitilayotgani, ularning fikri real qarorlar va amaliy harakatlarga aylanayotganining yaqqol isbotidir.

Globallashuv davrida inklyuziya masalalari bir mamlakat chegarasida hal etiladigan jihat emas. Shu bois, loyiha doirasida 8 davlat yoshlarini birlashtiruvchi Xalqaro inklyuziv yoshlar qoʻmitasi tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega boʻldi. Mazkur tuzilma yoshlar tashabbus­larini xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlash, taʼlim va raqamli inklyuziya boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ­nogironligi boʻlgan yoshlarning imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Inklyuziv jamiyat qurishda volontyorlik harakati ham muhim oʻrin tutadi. Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Chegarasiz volontyorlik: tajriba, hamkorlik va yangi tashabbuslar” xalqaro muloqot maydonida volontyorlik sohasida ilgʻor tajribalar muhokama qilinib, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon Xalqaro volontyorlar akademiyasini tashkil etish boʻ­yicha memorandum imzolandi. Ushbu akademiya yoshlarning bilim va koʻnikmalarini boyitish, tajriba almashish, inklyuziv volontyorlikni rivojlantirish va yangi xalqaro lo­yihalarni amalga oshirish uchun muhim maydonga aylanishi kutilmoqda.

Zero, ezgulik madaniyati hayotimizning ajralmas qismiga aylanishi, koʻmak berishga intilish esa har bir fuqaroning ongli tanloviga aylanishi zarur. Bu gʻoya aslida inklyuziv jamiyatning bosh tamo­yilidir. Chunki inklyuziya faqat infratuzilma yoki qonunchilik emas, avvalo, insonlarning dunyoqarashi, bir-biriga hurmati va hamjihatligi.

Bugun yoshlar ilgari surayotgan tashabbuslar ular inklyuziv jamiyatni tasavvur qilish barobarida uni amalda yaratishga ham tayyor ekanini koʻrsatmoqda. Ularning loyihalari, volontyorlik faoliyati va xalqaro hamkorlikka intilishi yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda. Shunday ekan, inklyuziv jamiyat qurish yoʻlidagi eng muhim vazifalardan biri yoshlarning fik­rini eshitish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va qarorlar qabul qilish jarayoniga faol jalb etishdir. Zero, bugungi yoshlarning ovozi — ertangi yangi Oʻzbekis­tonning taraqqiyot strategiyasi.

Azizxon BAHODIROV,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi

bosh mutaxassisi