Inklyuziv taʼlim uchun kadrlar tayyorlashda Fransiya tajribasi joriy etiladi

    Ta'lim 6 Oktabr 2023 3066

    Joriy yil 5-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari – Maktabgacha taʼlim agentligi direktori A.Shin hamda Fransiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oreliya Bushes xonim oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad Fransiya tomoni bilan avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish masalalarini muhokama qilishdan iborat edi. Xususan, Fransiya tajribasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, innovatsion oʻyin texnikasiga oʻrgatish, raqamli texnologiyalar va boshqa oʻqitish usullaridan foydalanishni nazarda tutuvchi yoʻnalishlar haqida soʻz yuritildi. Uchrashuvda fransuz tomonining maktabgacha yoshdagi bolalarni rus, ingliz, koreys va xitoy kabi mavjud chet tillari bilan bir qatorda fransuz tili oʻquv dasturini ishlab chiqishda koʻmaklashish masalalari ham muhokama etildi.

    Bundan tashqari, kun tartibida inklyuziv taʼlim uchun kadrlar tayyorlash sohasida Fransiyaning muvaffaqiyatli tajribasini birgalikda joriy etish masalasi koʻtarildi. Tomonlar bu yoʻnalishda oʻzaro ishni boshlashga kelishib oldilar.

    Tomonlar tegishli fransuz tashkilotlarini jalb etgan holda uch tomonlama formatda keyingi uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim agentligi matbuot xizmati.