Joriy hafta poytaxtimizda yirik sanoat ko'rgazmasi ochilishi bilan boshlandi. 25-aprel kuni “O'zekspomarkaz” milliy ko'rgazmalar majmuasida start olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro ko'rgazmasida dunyoning o'ndan ziyod mamlakatidan kelgan turli soha vakillari mehmon bo'lib turibdi. Uch kun davomida ishtirokchilarning professional muloqot maydoniga aylanadigan tadbir yurtimizning iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat hayotidagi yana bir muhim voqelikdir.
Ko'rgazmada O'zbekiston, Rossiya, Belorus, Vengriya, Fransiya, Qozog'iston va boshqa davlatlardan 700 dan oshiq ishlab chiqarish kompaniyalari va biznes delegatsiyalari, 1300 dan ortiq jismoniy shaxslar qatnashmoqda. Ishtirokchi davlatlar ko'rgazma maydonining metallurgiya va materiallar, sanoat avtomatlashtirilishi, mashinasozlik va uning qismlarini ishlab chiqarish singari bo'limlarida o'z stendlarini o'rnatib, mahsulotlarini namoyish etyapti.
Yurtimizda ikkinchi bor o'tkazilayotgan mazkur sanoat haftaligi o'tgan yili ham xorij davlatlarida katta qiziqish uyg'otgani yodimizda. O'shanda ishtirokchilar koviddan keyingi davrda sanoatni rivojlantirishning ustuvor vazifalari va istiqbolli mexanizmlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash yo'llari, iqtisodiy o'sishning omili sifatida sanoat innovatsiyalarini joriy qilish imkoniyatlarini belgilab olgan, ikki tomonlama ishbilarmonlik aloqalarini o'rnatgan edi. Tadbirlar va biznes uchrashuvlar natijasida 3,2 milliard dollarlik investitsiyaviy bitimlar, eksport va import shartnomalari va kelishuvlarga erishilgan.
Joriy yilgi ko'rgazmaning ko'lami yanada keng. Bu gal Toshkent yirik investor va yuqori darajadagi mehmonlarni nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyaviy hamda iqtisodiy salohiyati bilan tanishish, o'zaro konstruktiv muloqot qilishga taklif etdi. Bu tashabbus xorijliklarda ham katta qiziqish uyg'otdi. O'zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri o'rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov boshchiligida o'tgan ko'rgazmani ochib berish majlisida mehmonlar bu borada o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
— O'tgan yili ko'rgazma yuqori darajada o'tgan edi. Bu yil ham mana shu yuqori darajani ta'minlashni maqsad qilganmiz, — dedi INNOPROM dasturi direktori Anton Atrashkin. — Biz shunchaki mahsulotimizni namoyish etib, uni sotishga kelmaganmiz, niyatimiz — doimiy hamkorlikda ishlash. Bu yil “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko'rgazmasiga 40 foizdan ortiq ishtirokchilar ilk bor kelmoqda. Bu esa Markaziy Osiyoda istiqbolli va dinamik rivojlanayotgan bozorga nisbatan sanoat kompaniyalarining qiziqishi ortib borayotganidan dalolat. Ishonamanki, ko'rgazma mamlakatlar o'rtasida sanoat kooperatsiyasini mustahkamlab, xalqaro miqyosdagi ishtirokchilarga yangi bozorlarni muvaffaqiyatli o'rganishda yordam beradi.
Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov esa bu yil ko'rgazma ishtirokchilari soni avvalgi yilgidan ham ko'proq ekanini ta'kidladi. Vazirning fikricha, O'zbekiston so'nggi yillarda aholisi soni bilan birga iqtisodiyoti tez o'sib borayotgan davlat sifatida Markaziy Osiyoda etakchilardan hisoblanadi. Mamlakatda turli yo'nalishlarda biznesini rivojlantirmoqchi bo'lganlar ko'p va bu hozirgi sharoitda dolzarb bo'lgan — davlatlarning hamkorlikda rivojlanishiga yaxshi sharoit yaratadi.
Xalqaro ko'rgazmadan ko'zlangan maqsad ham sanoat sohasidagi eng yangi texnologiyalar va ishlanmalarni targ'ib qilish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o'rnatish, bitimlar tuzish va natijada sanoat kooperatsiyasi bo'yicha yangi loyihalarni amalga oshirishdan iborat. Bunda davlatlarning o'zaro yakdillik, do'stlik munosabatlari asosiy jihatga aylanishi muhim.
“O'zekspomarkaz” milliy ko'rgazmalar majmuasida shunday muhit yaratilganini payqash qiyin emas. Ko'rgazma maydoniga kiraverish qismi yurtimizning milliy hunarmandchilik mahsulotlari, zar cho'ponu, atlas-adras liboslari bilan bezatilgan. Maydonning asosiy ko'rgazmalar qismida esa mehmonlar o'z burchaklarini yaratib, sanoat mahsulotlarini namoyish etyapti. Taklif etilayotgan brendlarning aksariyati yangi turdagi, eng zamonaviy mahsulotlar.
Masalan, rossiyalik vakillar burchagidagi piyodalar o'tishiga mo'ljallangan alyumin mostlarning ko'rgazma maketi e'tiborimizni tortdi. Loyiha Rossiyadagi Alyumin Assotsiatsiyasiga tegishli. Turli mamlakatlar, xususan, Markaziy Osiyo davlatlaridagi qator korxonalarni o'zida birlashtirgan yirik kompaniya alyumindan yuzlab turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarar ekan. Bunday materialdan qurilgan mostlar ularning eng yangi texnologiyalaridan biri.
— Aslida, dunyodagi birinchi alyumin most o'tgan asrning 40 yillarida qurilgan, — deydi Assotsiatsiya eksperti Ravlyuk Snezana. — Biroq o'sha kezlari bu tajriba to'xtab qolgan, balki uning ommalashishi, sinovdan o'tishiga vaqt kerak bo'lgandir. Keyinroq alyumindan mostlar qurish yana faollashdi. Hozir bu ko'p davlatlarda mavjud. Boisi, al`yumin mostlar oddiy mostlarga nisbatan bir necha barobar tezroq quriladi — atigi bir necha soatda bir-biriga payvandlanadi. Oddiy most uchun esa ancha ko'p vaqt, qurilish materiallari talab etiladi. Qolaversa, al`yumin most yil davomida qayta ishlash, tez-tez ta'mirlash, takror-takror bo'yashni talab etmaydi. Tejamkorlik yangi texnologiyaning yagona afzalligi emas. Alyumin qurilmalar ancha engil, mustahkamlik singari xususiyatlari bilan ham talabgir. Ayniqsa, seysmik hududlarda undan ko'p foydalanilmoqda. Rossiyada birinchi al`yumin most 2017-yilda qurilgan bo'lsa, o'tgan 5 yilda ularning soni 10 dan oshdi. YAqin yillarda mamlakatda avtomobillar o'tishiga mo'ljallangan alyumin mostlar paydo bo'ladi. Bilishimizcha, O'zbekistonda al`yumin mostlar hozircha yo'q. Biz bu borada ham hamkorlik qilishni maqsad qilganmiz.
Ko'rgazmaning Tojikiston davlatiga tegishli burchagi o'ziga xos dizayni bilan, ayniqsa, ajralib turibdi. O'zbekona uslubga yaqin milliylik, qardosh xalq vakillarining iliq samimiyati pavil`on muhitiga hamohang. Ko'rgazmada Tojikistonning metallurgiya, farmatsevtika, mashinazozlik, engil sanoat sohalarida ishlaydigan 20 ga yaqin kompaniyalari ishtirok etyapti. Stendlardan tayyor kiyim-kechak, tekstil` mahsulotlari, gilamlar, kamyob toshlar, qimmatbaho metallar joy olgan. Qiziquvchilarni mahsulotlar bilan birma-bir tanishtirayotgan Tojikiston Respublikasi sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi bo'lim boshlig'i Malika YArbabaevaning egnidagi atlas ko'ylak esa yal-yal yonib turibdi.
— Bizda ham atlas, beqasam matolar bor, xotin-qizlarimiz o'zimizniki bilan birga, o'zbek milliy matolaridan tikilgan liboslarni sevib kiyadi, — deydi Malika opa. — Gardirobida o'zbek atlas va adrasi bo'lmagan birorta tojik xotin-qizi bo'lmasa kerak. Shu bois, biz O'zbekistonga milliy matolarni ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish maqsadida tez-tez kelib turamiz. Milliy matolarimizda deyarli farq yo'q. Faqat oxirgi yillarda o'zbek milliy matolari dizaynida zamonaviy trendlar ko'zga tashlanyapti, bu juda yaxshi. Bizda esa hozircha ishlab chiqaruvchilar ko'proq klassik dizaynni saqlab qolishni afzal ko'rmoqda. Ko'rgazma davomida hamkorlar topish, yangi shartnomalar imzolashni maqsad qilganmiz. Paxta, ipakni qayta ishlash, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishga ko'proq qiziqyapmiz.
Albatta, tadbirning amaliy ahamiyati imzolanadigan shartnomalarda yaqqolroq ko'zga tashlanadi. Buning uchun ko'rgazmaning biznes dasturi ishlab chiqilgan. Shu asosida, sanoat kun tartibining eng dolzarb mavzulari bo'yicha 20 dan ortiq ixtisoslashtirilgan sessiyalar, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning asosiy masalalarini qamrab olgan keng ko'lamli kongress dasturi hamda B2B aloqalar birjasi bo'lib o'tmoqda. Panel munozaralari, muhokamalar, davra suhbatlari va biznes uchrashuvlarida ishtirokchilar Markaziy Osiyoning keskin texnologik o'sish makoni sifatidagi istiqbollari, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining investitsiyaviy va sanoat salohiyatini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo'lyapti.
Bu yil ko'rgazmada yosh mutaxassislar va talabalar uchun “INNOPROM universiteti” maxsus loyihasi ham tashkil etildi. Unda xorijning yirik sanoat kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, yetakchi universitetlarning rektorlari yigit-qizlarga zamonaviy ishlab chiqarishni qanday qilib boshqarish kerakligi haqida so'zlab beradilar.
Qolaversa, xalqaro sanoat ko'rgazmasining formati bu safar konstruktivlikning yangi ranglari bilan porlamoqda. Uning asosiy ustuvorligi hududlar o'rtasidagi faol muloqotlardadir. O'zbekistonga kelgan har bir delegatsiya o'z tashrif dasturiga ega va bu yil u faqat Toshkent shahri bilan chegaralanib qolmaydi.
Xalqaro sanoat ko'rgazmasining ilk kunidayoq shartnomalar imzolash marosimi boshlab yuborildi. Xususan, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish bo'yicha bitimlar almashildi, shuningdek, Rossiyaning Omsk viloyati va O'zbekistonning Jizzax viloyati o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha 2022-2023-yillarga mo'ljallangan “yo'l xaritasi” imzolandi.
Shunday qilib, 27-aprelga qadar davom etadigan xalqaro tadbirni chin ma'noda sanoat haftaligi, deyish mumkin. Bu doirada kechayotgan o'nlab dasturlar va missiyalar, uchrashuvlar hamda kelishuvlarni manfaatlar kesishmalarini topish istagi birlashtirmoqda.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri