Sugʻorish tizimida suvni yuqoriga, yaʼni adirlik yerlariga koʻtarib ekin ekish dehqon va fermerlar oʻrtasida har doim muhim va murakkab jarayon hisoblangan. Bunday amaliyot suv nasoslaridan foydalanilgan holda bajarilganligi sababli, elektr energiyasi va yoqilgʻi sarfi yuqori darajada ishlatilib kelinar edi.

Aksariyat hollarda, suvni yuqoriga koʻtarib ekinlarni sugʻorish jarayonlari elektr va yoqilgʻi sarfining xarajatlarini har doim ham oqlamasligi mumkin. Bugungi kunda yuzaga kelayotgan ushbu muammolarning oldini olish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalar Milliy ofisi tarkibidagi Andijon tajriba-koʻrgazma maydoni olimlari tomonidan “innovatsion charxpalak” orqali suv koʻtarish moslamasi ishlab chiqildi.

Bu qurilma orqali gidravlik zarbadan foydalangan holda suvni yuqoriga elektr energiya va yoqilgʻi sarflanmasdan koʻtarish mumkin. U suv oqimining kinetik energiyasini potensial energiyaga aylantirish va avtomatik tarzda ishlovchi klapanlar yordamida impulsli gidrozarba hosil qilish orqali ishlay boshlaydi. Moslama yordamida suv kamida 8-10 metr yuqoriga koʻtarilishi taʼminlanadi.

Andijon tajriba koʻrgazma maydoni olimlari buyurtmasiga asosan Fargʻona mexanika zavodi masʼuliyati cheklangan jamiyat muhandislari “Innovatsion charxpalak” ishlab chiqardi. Bu qurilma dala tajriba maydonning qirgʻogʻidan oqib oʻtuvchi suv havzasiga oʻrnatildi va sinovdan oʻtdi. Yaxshi natijaga erishildi. Kelgusida mazkur qurilmani Koreya texnologiyasiga asoslangan “aqlli issiqxona” uchun tomchilatib sugʻorish texnologiyasida qoʻllash rejalashtirilgan. Ayni paytda bu amaliyotni joriy etishga kirishilmoqda.