Har qanday mamlakat iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirmasdan turib taraqqiyotning navbatdagi bosqichiga o'ta olmaydi. Bu esa iqtisodiy rivojlanish modelining o'zgarishini talab etadi hamda milliy va mintaqaviy innovatsion ekotizimni yaratish hisobiga erishiladi.

Ma'lumki, innovatsion ekotizimning asosi va bosh bo'g'ini innovatsiyalar hisoblanadi. Uning eng  muhim halqasi ilm-fanni biznes bilan bog'lashga xizmat qiladi. Aslida ilmiy yangilik tijorat mahsulotiga aylangandan keyingina innovatsiya deyishga haqli bo'ladi. Uning tijoratlashtirish jarayoni bilan esa tadbirkorlar shug'ullanadi.

 2021-yil 1-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo'yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to'g'risida”gi Prezident farmoniga asosan, respublikamizning 13 ta tumani, shu jumladan, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanini innovatsion hududga aylantirish belgilangan. Mazkur farmon ijrosini ta'minlash maqsadida yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlarini o'zida mujassam etgan “yo'l xaritasi” ishlab chiqildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi va uning viloyat boshqarmasi hozirgi kunda ushbu tadbirlarni joriy etish ishlarini hamkorlikda yo'lga qo'ymoqda.di.

Ayni paytga qadar tumanda 11 ta innovatsion loyiha shakllantirilgan bo'lib, ularni moliyalashtirishga vazirlik tomonidan jami 10,9 milliard so'mdan ortiq mablag' ajratilishi belgilangan. Bunga qiymati 10,2 milliard so'm bo'lgan tijoratlashtirishga tayyorlash bo'yicha 10 ta va 726,8 million so'mlik bitta startap loyiha kiradi. Shu kungacha 3 ta loyihaga 2,4 miliard so'm mablag' yo'naltirildi.

 Ko'pchilikka yaxshi ma'lum bo'lgan yantoq o'simligi cho'l hududlarida o'sadi. Sug'oriladigan yerlarda, yo'l, ariq, kanallar bo'ylarida, tashlandiq yerlarda, ekinzorlarda begona o't sifatida ham uchraydi.  Bo'yi 40 – 110 santimetr, tik, sershox, ildizi yer osti suvlarigacha etib boradi.

Lekin hozirgi kunda nafaqat Nishon tumanida, balki vohaning deyarli barcha hududlarida vitaminga boy, to'yimli ozuqa xomashyosi bo'lgan yantoqning 60-70 foizi ozuqaga yo'naltirilmasdan dalalarda qolib ketmoqda. Hisob-kitoblarga ko'ra, yantoqdan tayyorlangan un ozuqa birligi arpadan ikki barobar kuchli hisoblanadi.

Chorva ozuqasi tayyorlashda yantoq o'simligidan xomashyo sifatida foydalanish mumkin. Loyiha tashabbuskori bo'lgan “SHahinabonu xazina barakasi” MCHJ amalga oshirayotgan “Yantoq va qamishdan foydalanib, gidroponika usulida tayyorlanadigan mahsulot asosida chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik xo'jaliklari uchun innovatsion em ishlab chiqarish” loyihasiga Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tomonidan 1,4 milliard so'm pul mablag'i ajratilmoqda. Uning doirasida 58 ta yangi ish o'rni yaratiladi.

Aholini yetarli darajada sifatli chorvachilik mahsulotlari (go'sht, sut, yog') bilan ta'minlash eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu jixatdan, “Quyonchilik klasterida etishtirilgan go'shtdan keng assortimentdagi eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish” loyihasi doirasida “Lucky-Rabbits” MCHJ tomonidan zotli quyonlarni innovatsion texnologiyalar asosida hududiy iqlim sharoitiga genetik moslashtirilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi aholining kam ta'minlangan qismida “xonadonbay” usuli orqali zotli quyonlarni ko'paytirish va zamonaviy selektsiyani rivojlantirishni ko'zda tutadi. Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro'yxatda turgan fuqarolarga 40 tadan quyon tarqatiladi. Buning uchun 1,5 milliard so'm mablag' yo'naltiriladi va uning o'zlashtirilishi 30 ta yangi ish o'rni yaratilishiga yo'l ochadi.

Respublikamizda hozirgi kunda parhezbop non maxsulotlariga talab ortib bormoqda. Shuni inobatga olgan holda, sohaga yangilik bo'lgan, donli ekinlarni ekstrudatsiya qilish yo'li bilan ular tarkibidagi barcha moddalarni yuqori bosim va issiqlik jarayonida ekstruderdan o'tkazib, bug'doy, jo'xori, javdar va boshqa ekinlar unidan non mahsulotlari ishlab chiqariladi, ular ichki va tashqi bozorlarga etkazib beriladi. Loyiha qiymati 439,84 million so'mni tashkil etadi.

Mahalliy sharoitda yetishtiriladigan “Qattiq bug'doy” navidan makaron va qandolat mahsulotlari uchun un sexi, “Javdari” navidan qora non ishlab chiqarish tsexi hamda ularni “Bitta qishloq — bitta mahsulot” tamoyili asosida qadoqlash korxonasi loyihasini tashkil etish innovatsion hududda amalga oshirlayotgan loyihalardan yana biri hisoblanadi. Unga 1 milliard so'm mablag' yo'naltirilishi ko'zda tutilgan bo'lib, buning natijasida  25  fuqaroning ish bilan bandligi ta'minlanadi.  

Har biri 1,5  millird so'm mablag' bilan ta'minlanayotgan va jami 50 dan ortiq ish o'rni ochilishi rejalashtirilayotgan “Akvaponika uskunalarini ishlab chiqarish va o'rnatish”, “Baliq go'shti va chiqindilarini qayta ishlash asosida baliq uni, oqsili, file va “OMEGA-3” yog'i ishlab chiqarish”  loyihalari haqida ham shunday fikrlarni bildirish mumkin.

Nishon tumani yurtimizning eng quyoshli hududlaridan biri. Bugungi kunda tabiatning saxiy in'omidan samarali foydalanishga ham alohida e'tibor qaratilyapti. Xususan, “Haroratni mo'tadillashtiruvchi faol nanokompozitsion qo'shimchali plyonka va quyosh konsentratori yordamida yoqilg'isiz issiqxonalar tashkil etish” hamda oftob nurlaridan elektr quvvati hosil qilish loyihalari  ana shu maqsadga xizmat qiladi.

Ma'lumki, chigirtkalar barcha qishloq xo'jalik o'simliklari — arpa, bug'doy, oq jo'xori, tariq, makkajo'xori, tamaki, beda, g'o'za va poliz ekinlariga, ayniqsa, katta zarar yetkazadi. Birgina joriy yilda Qashqadaryo viloyatining G'uzor, Dehqonobod, Qamashi, Nishon, Mirishkor, Chiroqchi, Yakkabog' va Shahrisabz tumanlari hududida 16,5 ming gektar maydonga bu zararkunandaga qarshi kimyoviy ishlov berildi.

Endilikda chigirtkalar maxsus qopqonlar orqali tutiladi,  yig'ib olinadi,  innovatsion texnologiyalar yoodamida qayta ishlanib, un tayyorlanadi. Mazkur mahsulot hozir jahon bozorida katta talabga ega. Uning tarkibida oqsil miqdori ko'p bo'lgani bois, mazkur mahsulotdan butun dunyoda parhezbop oziq-ovqatlar tayyorlashda foydalanib kelinmoqda. Demak, bu loyihani joriy etish tufayli ekinlar zararkunandalardan xalos bo'lishi barobarida eksportga yo'naltirilgan mahsulot  ishlab chiqariladi.

Nishon tumanida faoliyat olib borayotgan “Merry-Cricket” MCHJ tomonidan ishlab chiqariladigan mazkur mahsulot xaridi bo'yicha Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari bilan eksport shartnomasi ham  imzolandi. Loyihani tijoratlashtirishga tayyorlash maqsadida  jamg'arma hisobidan 1,5 milliard so'm mablag' yo'naltirmoqda.

Hozirgi kunda tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan bu va boshqa loyihalar bo'yicha  amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Kelgusida viloyatning boshqa tumanlarini ham bosqichma-bosqich innovatsion hududlarga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Sanjar BERDIYEV,

Innovatsion rivojlanish vazirligining

tarmoq korxonalarida innovatsion ekotizimni

 rivojlantirish boshqarmasi boshlig'i