Innovatsion rivojlanish vaziri ikki silindrli jin mashinasining innovatsion loyihasi bilan tanishdi

    Fan 18 Fevral 2021 1219

    Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Namangan davlat universiteti olimlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda vazir olimlarning ilmiy loyihalari bilan tanishdi.

    Hozirda Namangan davlat Universitetida 22 ta ixtisoslik boʻyicha 39 nafar doktorant va 42 nafar mustaqil izlanuvchi oʻz ilmiy tadqiqotlarini olib bormoqdalar. Universitetda muntazam ravishda ilmiy konferensiya va seminarlar, turli anjumanlar oʻtkazilib turadi.

    Boshqa loyihalar bir qatorda I. Abdurahmonovga universitet olimlari tomonidan yaratilgan paxta toʻqimachilik klasterlari uchun avtomatlashgan bir kamerali ikki silindrli jin mashinasi innovatsion loyihasi namoyish etildi. Mazkur uskuna paxtani dastlabki ishlash korxonalarida energiya sarfini kamaytirishga va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Olib borilgan keng qamrovli nazariy va amaliy tadqiqotlar asosida institut olimlari tomonidan bir kamerali ikki silindrli jin mashinasi ixtiro qilingan va unga patent ham olingan. Bu uskuna mavjud jin mashinalaridan energiya va resurs tejamkorligi hamda tolani sifatini saqlagan holda yuqori ish unumdorligi bilan farqlanadi. Mazkur uskuna Oʻzbekiston va Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi yaqin xorij mamlakatlarining paxta toʻqimachilik korxonalarida foydalanish mumkin.

    Vazir shuningdek, Namangan Davlat universitetining ilmiy laboratoriyalari faoliyati, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Olimlar va tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan mahsulotlarni tijoratlashtirish masalasida amaliy koʻmak berilishini taʼkidladi.