Uchrashuv avvalida vazir I.Аbdurahmonov elchi xonimni yangi tayinlov bilan qutlab, Oʼzbekistondagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. Shu bilan birga vazir yuqori martabali mehmonni Innovatsion rivojlanish vazirligining ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida soʼnggi yillarda amalga oshirayotgan ishlari va kelajakdagi rejalari bilan tanishtirdi.
Tomonlar ikki davlat ilm-fan namoyondalari oʼrtasida hamkorlikni va toʼgʼri-toʼgʼri aloqalarni rivojlantirish maqsadida qoʼshma ilmiy loyihalar tanlovini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Yosh tadqiqotchi va olimlar malakasini oshirish hamda Misr ilm-fan sohasidagi muhit bilan yaqindan tanishish maqsadida stajirovkalar dasturlarini tashkil etish boʼyicha fikr almashildi. Shuningdek, Misrning innovatsiyalar sohasidagi kompaniyalari yuqori texnologik ishlanmalarini Oʼzbekistonga transfer qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish zarurati qayd etildi.
Bundan tashqari Oʼzbekiston innovatsion infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Misr investitsiyalarini jalb etish zarurati dolzarb ekani taʼkidlandi. Venchur fondlar va startaplarni moliyalashtirish tizimlarini tashkil etish boʼyicha tajriba almashish masalasiga alohida urgʼu berildi.
Shu bilan birga, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Misr Аrab Respublikasining Oʼzbekistondagi elchixonasi oʼrtasida mashinasozlik, sogʼliqni saqlash, qishloq xoʼjaligi, ekologiya va Orolboʼyi muammolarini hal etishda oʼzaro hamkorlik olib borish imkoniyatlari keng ekani aytilib, borada ham hamkorlik qilishga kelishildi.
Elchi Аmira Faxmi xonim Innovatsion rivojlanish vazirligining Misr bilan hamkorlikda amalga oshirish uchun imkoniyatlar koʼlamini yuqori baholadi va muhokama etilgan yoʼnalishlarda hamkorlikda ishlash boʼyicha vazirlikka koʼmakdosh boʼlishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar kelajakda aniq taklif va chora-tadbirlarni muhokama etish uchun doimiy ravishda uchrashib turishga kelishib oldilar.
Uchrashuv doʼstona ruhda oʼtdi.