20-21-aprel kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK)ning 69-sessiyasi videokonferensiya formatida oʻtkazilib, uning doirasida yuqori darajadagi uchta davra suhbati oʻtkazildi. Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova davriy iqtisodiyot va xususiy sektorning roli muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbatida maʼruza qildi.

Tadbirda BMT YEIK Bosh kotibi oʻrinbosari Dimitriy Mariyasin, Finlyandiya “Sitra” innovatsion jamgʻarmasi rahbari Jyrki Katainen, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vazirligi vakili Natalya Stapran, Germaniya Iqtisodiy masalalar va energetika federal vazirligi vazirining oʻrinbosari Elisabeth Winkelmeier-Becker, UNIDO Atrof-muhit va energiya masalalari boʻyicha boshqaruvchisi Mr. Stephan Sicars hamda BMT tuzilmalarining boshqa yuqori martabali rasmiylari ishtirok etdi.

Vazir oʻrinbosari oʻz maʼruzasida Oʻzbekistondagi innovatsiyalar va texnologik sohadagi erishilgan yutuqlar, shuningdek, mamlakatimizda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishga erishishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida urgʻu berdi. Sh.Turdiqulova tadbir ishtirokchilariga mamlakatning innovatsiya va ilmiy faoliyat sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, innovatsion rivojlanishda xususiy sektorni ragʻbatlantirish hamda kuchli va inklyuziv milliy innovatsiya tizimini qurish boʻyicha qilinayotgan saʼy-harakatlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

— Oʻtgan uch yil ichida Oʻzbekistonda innovatsion infratuzilma va ekotizim barpo etildi, innovatsion ishlanmalar va ilm-fanni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlari joriy qilindi, ilmiy-tadqiqot ishlari uchun uchun davlat xarajatlari sezilarli darajada oshdi, — dedi vazir oʻrinbosari. — Hozir yurtimizda ilmiy loyihalarni tijoratlashtirishga, ishlab chiqarish va ilm-fan integratsiyasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Sh.Turdiqulova bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimlari toʻgʻrisida gapirarkan, 2018–2020-yillarda tijoriylashtirilgan ilmiy loyihalar umumiy miqdori uch barobar oshib, 107 mlrd soʻmni (taxminan 10 mln AQSH dollarini) tashkil etganini qayd etdi. Bunda tabiiy va suv resurslarini tejash, qishloq xoʻjaligi va chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalari boʻyicha loyihalarga keng oʻrin berilganini taʼkidladi.

Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi ekologik va ijtimoiy masalalarni hal etishga qaratilgan startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlab, 34 ta loyihaga taxminan 5 mln AQSH dollari yoʻnaltirgan. Mana shunday startaplardan biri Orol dengizi fojiasining salbiy oqibatlarini kamaytirish va hududning turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan “Oroldagi mening bogʻim” loyihasidir.

Shuningdek, Oʻzbekistondagi dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalarni hal etish, Orol dengizi falokati oqibatlariga qarshi kurashish va suv resurslarini tejashga qaratilgan ilm-fan, texnika va innovatsiya sohasidagi xalqaro hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda. Xususan, Germaniya, Rossiya, Turkiya va Belarus bilan xalqaro ilmiy hamkorlik loyihalari doirasida 17 milliard soʻm qiymatidagi 44 ta qoʻshma ilmiy, amaliy va innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Ilmiy tadqiqotlarni hamkorlikda bajarish uchun Xitoy, Hindiston, Rossiya, Turkmaniston, Belarus, Eron va Yevroosiyo uyushmasi bilan ilmiy-innovatsion loyihalar miqdorini uch barobar oshirish rejalashtirilgan.

Oʻz navbatida, Innovatsion rivojlanish vazirligi YUNESKO va Jahon banki bilan hamkorlikda Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha loyihani amalga oshirmoqda. Mazkur loyiha davlat idoralari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirish, ilmiy-innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni tijoriylashtirish uchun turli institutsional masalalarni hal etishni oʻz oldiga maqsad qilgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturining (SPECA) barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida iqtisodiy transformatsiya jarayonlarini faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Pandemiyadan keyingi vaziyatning oqibatlari va muammolarni hisobga olgan holda, milliy innovatsion tizimni ishlab chiqish va mustahkamlash maqsadida Oʻzbekistonning 2030-yilgacha innovatsion rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Unda inson kapitalini rivojlantirishni yana-da qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotning muhim ishlab chiqarish tarmoqlarini transformatsiyalash, davlat innovatsion siyosatini mustahkamlash, innovatsiyalarda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shuningdek, Sh.Turdiqulova pandemiya oqibatlarini bartaraf etish va kelajak avlod uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha xalqaro hamkorlik va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish muhimligini taʼkidladi.

Nazokat ABDUQUNDUZOVA,
Innovatsion rivojlanish vazirligi

axborot xizmati rahbari