Hujjat Prezidentning “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-son Farmoni ijrosi yuzasidan qabul qilingan.
Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:
uzoq muddatli ssenariylar asosida ustuvor soha va tarmoqlarga ilm- fan yutuqlarini tatbiq etish va mamlakatning innovatsion rivojlantirishning strategiyasini ishlab chiqish;
hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalarni shakllantirish;
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning ijrosini nazorat qilish;
ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish;
yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ular tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish, xususiy sektor faolligini oshirish va venchurga asoslangan moliyalashtirishni rivojlantirish.
Qaror bilan quyidagilarni belgilaydigan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi:
Vazirlikning maqomi va tuzilmasi;
Vazirlik va uning markaziy apparati, hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari va funksiyalari, shuningdek, huquqlari hamda majburiyatlari;
Vazirlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari, shu jumladan, vazir oʻrinbosarining soha yoʻnalishlari boʻyicha asosiy vazifalari hamda javobgarligi;
Vazirlik faoliyatining tashkiliy asoslari, hisobdorligi, faoliyat samaradorligini baholash mezonlari, hayʼat va boshqa maslahat, konsultativ va ekspert organlari faoliyatini tashkil etish tartibi;
Vazirlik faoliyatini moliyalashtirish va uning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi.
Davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbar oʻrinbosarlarining biriga innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshimcha vazifalarni bajarish yuklatildi. Ularning tuzilmasida bir oy muddatda innovatsion faoliyat bilan shugʻullanishga masʼul boʻlinma tashkil etish topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 28.08.2021-yildan kuchga kirdi.