Innovatsiya — biz, yoshlarni kelajakni yaratishga ruhlantirmoqda

    Yoshlar “Start up”, “TexnoWays” singari yirik texnologik rivojlanish marafonlarida o'z iqtidor va imkoniyatlarini namoyon etyapti.

    Bundan bir necha yil oldin “innovatsiya” so'zi ko'pchilik uchun notanish tushuncha edi. Xorijdan kirib kelib, qulog'imizga tez-tez chalina boshlagan bu atamani ahyon-ahyonda qo'llay boshladik. Ammo ko'p o'tmay — Yangi O'zbekiston islohotlari avvalida rivojlana boshlagan zamonaviy texologiyalar va bilimlar sabab bugun “innovatsiya” til lug'atimizdagi asosiy so'zlardan biriga aylandi.

    Hozirgi dunyoda innovatsion taraqqiyot modellarini joriy etish, ilg'or g'oyalar, “nou-xau” va “aqlli” texnologiyalarni eksport qilish hisobidan tez sur'atlar bilan rivojlanayotgan davlatlar soni tobora ortib boryapti. Tan olishimiz kerak, ma'lum muddat mamlakatimizda bu yo'nalishda amalga oshirilgan ishlar qoniqarli bo'lmadi. SHu bois, davlatimiz rahbari o'z lavozimiga kirishgan dastlabki yillardanoq bu yo'ldagi dolzarb muammolarni hal etishga qat'iy chog'landi.

    Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Innovatsiya — bu kelajak degani. Biz buyuk kelajagimizni barpo etishni aynan innovatsion g'oyalar asosida boshlashimiz kerak. Innovatsion rivojlanish va raqamli iqtisodiyot yo'liga o'tishimiz bejiz emas. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g'oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi”.

    Bu so'zlar amalda ham o'z isbotini topa boshladi. Harakatlar strategiyasida aynan innovatsiyalar masalasiga alohida urg'u berildi. Xususan, unda ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag'batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o'quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.

    G'oyalar amalga oshadi!

    Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligida 3 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelyapman. Bu yerda biz ishni avvalo, innovatsiya o'zi nima ekanini odamlarga tushuntirish, u bizga qanday imkoniyatlar bera olishidan xabardor qilishdan boshladik. Bugunga kelib, innovatsiya — foydalanish uchun kiritilgan yangi yoki sezilarli darajada yaxshilangan mahsulot (tovar, xizmat) yoki jarayon, sotuvlarning yangicha uslubi yoki ish amaliyotidagi, ish o'rinlarini tashkil etishdagi va tashqi aloqalarni o'rnatishdagi yangi tashkiliy uslub ekanidan ko'pchilik xabardor.

    Vazirlikda yoshlarga yaratilgan sharoitlarni ta'kidlash uchun birgina mening talabalik davrimdagi va hozirgi talabalarga berilayotgan imkoniyatlarni taqqoslashning o'zi kifoya. Men oliy o'quv yurtida tahsil olgan kezlarim grantlarni qo'lga kiritish juda qiyin edi. Hatto, grantlarning turlari ham kam bo'lgan. Qizig'i, grant olish uchun qanday turdagi loyihalarni shakllantirish yoki taqdim etishni bilmasdik. Bu borada bizga yordam beradigan xizmat turlari ham yo'q edi. Shu bois, grant olishga loyiha topshirish men uchun katta orzudek tuyulardi.

    Oxirgi 3-4 yil ichida yoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Bu mubolag'a emas, aksincha, shu kunlarni orzu qilgan bir yigit tilidan chiqayotgan shukronalik so'zlari, xolos. Axir, qachon o'z g'oyasi, loyihasiga ega yigit-qizlar vazirlik darajasida qo'llab-quvvatlangan, ular uchun turli tanlovlar tashkil etilgan? Bugun bu ishlar odatiy holga aylandi. Yoshlar “Start up”, “TexnoWays” singari yirik texnologik rivojlanish marafonlarida o'z iqtidor va imkoniyatlarini namoyon etyapti. Grantlar g'olibiga aylanib, ishlanmalarini foydali qurilmalarga aylantiryapti...

    Ana shunday yigit-qizlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida birinchilardan bo'lib “Yoshlar akademiyasi” tashkil etildi. Tuzilma qisqa vaqtda innovatsion loyihalar va g'oyalarga ega iqtidorli yoshlar, talabalar hamda 40 yoshgacha bo'lgan olimlar va tadbirkorlarni birlashtiradigan, ularni har tomonlama rag'batlantiradigan maydonga aylandi.

    Akademiyaga o'z jamoasi, ilmiy ishlanmasi, g'oya yoki startap loyihalariga ega 40 yoshgacha bo'lgan yigit-qizlar qabul qilinadi. Yosh ixtirochilar bu yerda “G'oyalar generatorlari”, “Startaplar”, “Biznes vakillari” hamda “Bo'lajak akademiklar” kabi 4 ta platformadan birida faoliyat yuritishi mumkin.

    Ayni paytda Yoshlar akademiyasining 2 mingga yaqin a'zosi bor. Ular geologiya, matematika, fizika, qishloq xo'jaligi, kimyo sanoati, sog'liqni saqlash, ta'lim, sun'iy intellekt, robototexnika va mexatronika, dasturlash, 3D modellashtirish va boshqa yo'nalishlarda o'z loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. A'zolar orasida innovatsion va amaliy ishlanmalarini hayotga tatbiq etib, muayyan soha rivojiga hissa qo'shayotgan faol va tashabbuskor jamoalar ko'pchilikni tashkil etadi.

    Bugun ular tomonidan ishlab chiqilgan ko'plab loyihalar hayotimizga keng joriy etilmoqda. Xususan, ayni paytda turli sohalarda foydalanilayotgan, tug'ma qo'lsiz va hayoti davomida qo'li amputatsiyaga uchragan nogironlar uchun bionik protezlar, o'pkani sun'iy shamollatish apparatlari uchun maxsus oksigenatsiya niqoblari, kiyimlar, bolalar o'yinchoqlari va boshqa uy-ro'zg'or buyumlaridagi bakteriya va hidlarni bartaraf etishga mo'ljallangan “CleanBox” qurilmasi, avtomobillar xavfsizligini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Carwon smart security system” mobil ilovasi, maishiy chiqindilar asosida sun'iy uglerodlashtirilgan material olish qurilmasi, rangli metall buyumlar quyish uchun vakuum asosida ishlaydigan “Humo S1” uskunasi, “Sky project” virtual parashyut simulyatori va boshqa bir qancha ixtirolar o'zbek yigit-qizlari, xususan, “Yoshlar akademiyasi” a'zolari tomonidan yaratilgani bizni quvontiradi.

    Kelajak bunyodkorlari

    Bugun respublikamizning har bir viloyatida akademiyaning yetakchisi saylanib, iqtidorli yoshlar jamoalari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar saralab olinyapti. O'tgan qisqa vaqt ichida ana shunday yigit-qizlarni qo'llab-quvvatlash, akademiya a'zolarini rag'batlantirish, istiqbolli ishlanmalarga ega yoshlarga motivatsiya berish maqsadida bir qator yo'nalishlarda amaliy, innovatsion va startap loyihalar tanlovlari o'tkazib kelinyapti.

    Ayniqsa, Prezidentimizning joriy yil aprel oyidagi qarori bilan tashkil etilgan “Bo'lajak olim” tanlovi doirasida yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard so'm mablag' yo'naltirilishi yigit-qizlar uchun katta imkoniyat bo'ldi.

    “Yoshlar akademiyasi” tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning aksariyati hududlarda o'g'il-qizlarning intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish, ularni jamiyatda olib borilayotgan islohotlarning faol yetakchilariga aylantirishga qaratilgan. Ana shu maqsadda hukumat qarori bilan bugun respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich Yoshlar texnoparklari tashkil etilyati. Chekka hududlarda istiqomat qiladigan yigit-qizlarni mamlakatimiz rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega bo'lgan soha va yo'nalishlar bo'yicha o'qitishga qaratilgan “Texnobus” innovatsion ta'lim avtobusi faoliyati yo'lga qo'yildi.

    Shu o'rinda, Innovatsiyalar Milliy Ofisi faoliyati haqida ham alohida to'xtalsak. Ma'lumki, innovatsiyalarni yaratgandan ko'ra, uni joriy etish anchayin qiyin. Biz Innovatsiyalar Milliy ofisida bevosita ana shu jarayon bilan shug'ullanamiz. Yoshlarga o'z ishlanmalarini qanday taqdim etishi va qanday qo'shimchalar kiritib, uni mukammal darajaga olib chiqish bo'yicha yo'nalish hamda ko'rsatmalar berib boramiz.

    Bu yerda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha egalarining ishlanmalarini takomillashtirishlari uchun bir qancha laboratoriyalar xizmatlari yo'lga qo'yilgan. Xususan, ilmiy tajribalar olib borayotgan yosh olimlar “Aviatsion va kosmik”, “Uchuvchisiz uchish qurilmasi” (dron), “3D prototiplashtirish”, “Informatsion texnologiyalar”, “Robototexnika”, “5G” o'quv-tadqiqot laboratoriyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega.

    Joriy yilda “Aviatsion va kosmik” o'quv-tadqiqot laboratoriyasi mutaxassisi Ziyodulla Butaxonov mavjud eng zamonaviy qurilmalardan foydalanib, yirik loyihani amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi. Yerni 42 km balandlikdan suratga olishga erishgan yosh olim harakatlari bilan yurtimiz tarixida ilk bor fazoga “aerostart” uchirildi. Bir so'z bilan O'zbekiston birinchi marta yaqin kosmos, ya'ni starotasferani zabt etdi, desak ham bo'ladi. Ushbu ulkan yutuq mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga munosib sovg'a bo'ldi.

    Shuningdek, Innovatsiyalar Milliy ofisi tomonidan har mavsumda yurtimizning biror hududida “Texnoways” texnologik rivojlanish marafoni o'tkazib kelinmoqda. Loyiha doirasida deyarli bir hafta mobaynida yoshlarning texnologik bilimlarini oshirish, ilg'or texnologiyalar bilan yaqindan tanishtirish bo'yicha turli xil qiziqarli tadbirlar uyushtiriladi. YOshlarning loyihalarini shakllantirish, to'g'ri tahlil qilish, innovatsion ishlanmalarini taqdim etishda to'g'ri yo'nalish va ko'rsatmalar berish masalasida soha mutaxassislari tomonidan treninglar tashkil etiladi. Marafon yakunida eng yaxshi g'oyalar g'oliblariga pul mukofotlari ajratiladi.

    Joriy yilda ofis tomonidan yana bir yirik loyiha — “Ixtirochi abituriyent” tanlovi e'lon qilindi. U turli xil yangilik yaratishga qiziquvchi abiturient yoshlarga o'z ishlanmalarini taqdim etish va ular orasidan saralanadigan “original g'oya” egalari qatorida Turin universitetiga imtiyozli o'qishga kirish yo'llanmasini qo'lga kiritish imkonini beradi. O'ylaymanki, bu yoshlar uchun juda katta imkoniyat. Axir, talaba bo'lish va nufuzli oliygohlarda imtiyozli tarzda ta'lim olish har bir yigit-qizning orzularidan biri.

    Bugun yurtimiz aholisining 60 foizini tashkil etadigan yoshlar orasida iqtidorlilar ko'p. Ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash zamirida esa mustaqil, o'z g'oyalari bilan yurtimiz va jahon maydonida munosib o'rin egallay oladigan shaxslarni tarbiyalash yotadi. Zero, ana shunday yoshlar Yangi O'zbekiston kelajagini bunyod etish yo'lida shahdam qadam tashlashni boshladi.

    Akbarxon SOBIRXONOV,

    Innovatsiyalar Milliy ofisi bosh direktori o'rinbosari