Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan “Xalqaro Navro'z kuni” rezolyutsiyasining qabul qilinishi bilan Navro'z bayrami nafaqat SHarqda, balki butun dunyoda qutlug' bir tantanaga aylandi.
Sharq xalqlarini bir-biriga mushtarak bog'lab turadigan bu bayramda insonlarni o'zaro yaqinlashtiruvchi, birdamlashtiruvchi kuch mavjud. Qadim zamonlardan buyon nishonlanib kelayotgan va qator udumlariga ega Navro'z shu kunga qadar qadriyatlari va urf-odatlari bilan barchani o'ziga jalb qilib kelgan.
Jahon siyosiy maydonida mavqei tobora ortib borayotgan ko'p tomonlama xalqaro institutlardan biri – Shanxay hamkorlik tashkilotini dunyoga tanitgan “Shanxay ruhi”ning asosiy tamoyillaridan biri ham madaniy xilma-xillikni hurmat qilishdan, ya'ni a'zo davlatlar xalqlarining urf-odatlarini yaxshiroq o'rganish va an'anaviy qadriyatlarni asrab-avaylashdan iborat.
Shu maqsadda joriy yilning 15-fevral – 15-mart kunlari O'zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan yurtimiz oliy o'quv yurtlari talabalari va umumta'lim maktablari o'quvchilari o'rtasida “Navro'zi olam – dunyo xalqlarining o'ziga xos bayrami” mavzusida insholar ko'rik-tanlovi o'tkazilgan edi. Mazkur tanlov doirasida talaba va o'quvchi-yoshlarning 200 ga yaqin ijodiy ishi qabul qilindi.
Barcha ijodiy ishlar nufuzli hakamlar tomonidan xolisona baholandi. Hakamlar hay'ati qaroriga ko'ra tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari orasidan g'olib va sovrindorlar aniqlandi.
1-o'rin O'zbekiston Milliy universiteti 2-kurs magistranti – Shahnoza Toshqulovaga nasib etdi.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi 4-kurs talabasi – Mohlaroy Sobirjonova 2-o'rin sohibasiga aylandi.
Tanlovning 3-o'rniga 2 ishtirokchi – Farg'ona viloyati chet tillarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati o'quvchisi Oybek Aminjonov va Farg'ona tumani 12-sonli maktab o'quvchisi Muhtaramoy Xamidjonova munosib ko'rildi.
Ko'rik-tanlovning "Faol ustoz" nominatsiyasiga Farg'ona shahridagi 12-maktab o'qituvchisi Diloyat Obidova loyiq ko'rildi.
6-iyul kuni O'zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazida ko'rik-tanlov g'oliblarini taqdirlash marosimi o'tkazildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillari, tanlov sovrindorlari va ularning ustozlari ishtirok etdi.
Tadbirda O'zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov so'zga chiqib, mazkur tanlov yoshlarning SHHT mamlakatlari madaniyati, tarixi, an'ana va qadriyatlariga bo'lgan qiziqishini oshirish, shuningdek, xalq diplomatiyasining mohiyatini tushunishga xizmat qilishini ta'kidladi.
O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bosh mutaxassisi Shahobiddin Normurodov va O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bosh mutaxassisi Akbar Magdiyevlar tanlov talaba va o'quvchi-yoshlar uchun xalqlar o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlik masalalarini aks ettirish hamda SHHT mamlakatlari va boshqa xorijiy mamlakatlar xalqlarining turmush tarzi bilan yanada chuqurroq tanishish uchun o'ziga xos imkoniyat berganini ta'kidladi. Kelgusida bu kabi ko'rik-tanlovlarning taqdirlash marosimlarini keng jamoatchilik, taniqli jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda O'zbekiston Milliy matbuot markazida o'tkazish taklifi kiritildi.
Shubhasiz, bu kabi tadbirlar, SHHT makonida yashayotgan xalqlar manfaati yo'lida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, madaniy xilma-xillikni asrash va targ'ib etish, mintaqa madaniy va tabiiy merosini o'rganish sohasidagi hamkorlik xalqlar o'rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
O'zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi
markazi axborot xizmati