Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish, Asosiy qonunimizga ayrim oʻzgartishlar kiritish boʻyicha qizgʻin jarayon izchil davom etmoqda. Bu borada barcha qatlam vakillari, siyosatchilar, mutaxassislar, ziyolilar, qoʻyingki, keng jamoatchilik faol boʻlishi tabiiy.
Shu oʻrinda xalqimizdan kelgan va saralanib, komissiya tomonidan maʼqullangan holda, Konstitutsiyamizning aynan 53-moddasiga kiritilishi tavsiya qilinayotgan normalarga eʼtibor qaratmoqchimiz. Zero, tahlil guruhi tomonidan keltirilgan, asoslangan bu takliflar, tom maʼnoda, doim mehnat qilib, daromad topgan, oilasini boqish bilan birga boshqalarni ham ish bilan taʼminlagan, oʻz mablagʻi hisobidan faoliyat yuritib, ayrim hollarda kredit ham ololmasdan, insofsiz raqobatni boshdan kechirgan, monopol korxonalarning toʻsiqlariga uchragan oʻrta sinf vakillari boʻlmish tadbirkorlarning azaliy, koʻnglidagi orzu-istaklaridir.
Eʼtibor qaratsak, Konstitutsiyamizda “tadbirkorlik” soʻzi atigi ikkita moddada uchraydi. Shu maʼnoda, qayd etilgan moddaga “Davlat xususiy tadbirkorlikning rivojlanishiga qaratilgan investitsiyaviy muhitni shakllantirish uchun sharoit yaratadi”, “Xususiy mulkning kafolatlanganligi, unga nisbatan tajovuz qilish mumkin emasligi, xususiy mulkning daxlsiz ekanligi” haqidagi normalar kiritilishi kutilmoqda.
Hayotda xususiy mulkka nisbatan turli tajovuzlar kuzatilganda, tadbirkorlarning mulki yoki binosi buzilganda yoxud jamiyat manfaatlari uchun olib qoʻyilgan holatlarda kompensatsiya — zararning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq masalalar hal etilmasdan qolib ketgan paytlar boʻlgan. Bu esa ularning zarar koʻrishiga, moliyaviy ahvoli yomonlashuviga olib kelgan.
Asosiy qonunimizga yana bir yangi — “Insofsiz raqobat va monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi” degan norma kiritilishi kutilyapti. Bu esa, birinchi navbatda, tadbirkorlar oldida turgan eng murakkab va koʻzga koʻrinmas toʻsiqlar olib tashlanishi, umuman, iqtisodiy faoliyatda bunga yoʻl qoʻyilmasligiga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Xorij tajribasiga eʼtibor qaratsak, Bolgariya, Vengriya, Gruziya, Qozogʻiston, Jazoir va boshqa koʻplab davlatlar konstitutsiyalarida ham xuddi shunday meʼyorlar mustahkamlanganiga guvoh boʻlamiz. Mamlakatimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi tuzilganiga kelasi yili yigirma yil toʻladi.
Bu, albatta, kichkina muddat emas. Elektoratimizning asosiy vakillari boʻlgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, fermerlar insofsiz raqobat bozordagi tengsizlikka olib kelishini juda yaxshi tushunadi. Haqiqatan, insofsiz raqobat nosogʻlom depsinishlar, narx-navoning asossiz oshishiga olib keladi.
Shu maʼnoda, shubha yoʻqki, tadbirkorlarimiz Asosiy qonunimizda bunday normalar boʻlishini koʻpdan beri kutayotgani aniq va shu kabi takliflarning aksariyati aynan ulardan kelib tushgan. Insofsiz raqobatga, yaʼni monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi mamlakat investitsiyaviy muhitini yaxshilashda bevosita ishtirok etadigan tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat.
Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida qayd etilganidek, “Sud xususiy mulk himoyasida turib, fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini tiklash orqali ijro idoralarini qonun doirasida ishlashga majbur qiladigan tizimni yaratishimiz zarur. Bu esa jamiyat taraqqiyotiga, birinchi navbatda, uning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladi”.
Shuningdek, ishbilarmon va mulkdorlar huquqlarini har tomonlama himoya qilish boʻyicha qoʻyilgan vazifalarning konstitutsiyaviy kafolatlarini kuchaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, nafaqat yirik, balki kichik korxonalar, tadbirkorlik subyektlari, yakka tartibdagi ishbilarmonlar ham shu investitsiyaviy muhitning bir qismi sanaladi.
Bugun mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning qariyb 58-60 foizini tadbirkorlik subyektlari ishlab chiqaryapti. Ularda esa jami iqtisodiy faol aholining 78-82 foizi ishlaydi. Bu quvonarli hol, albatta. Ishonchimiz komilki, yurtimizda munosib investitsiya muhiti yaratish va monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi, bu borada fundamental normalarning bevosita Konstitutsiyamizda mustahkamlanishi iqtisodiy, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash barobarida, eksport salohiyatini kuchaytirish, jahon reytingida birinchi qirqtalikdan joy olishimizga mustahkam asos yaratadi.