Taʼkidlanganidek, uzoq yillar davomida transplantatsiya yoʻnalishi boʻyicha qonunchilik asoslari yaratilmagani transplantologiyaning klinik fan sifatida toʻxtab qolgan va kasalliklarga chalingan koʻp sonli bemorlarning hayotini saqlab qolish imkoniyati yoʻqotilishiga olib keldi.
Ushbu vaziyat baʼzi bemorlarni bu turdagi amaliyotlarni qimmatligiga qaramay, chet el tibbiyot muassasalarida oʻtkazishga majburlamoqda. Ular chet ellarda davolanishda turli mashaqqatlar, katta miqdordagi moliyaviy xarajatlar, xorijga safari davomida chet tillarida soʻzlashish bilan bogʻliq qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Maʼlumki, insonning juft boʻlmagan aʼzolarini (yurak, jigar, oshqozonosti bezi va boshqa aʼzolar) faqat murdadan olish imkoniyati mavjud. Transplantatsiya muvaffaqiyatli oʻtishi uchun transplantni, yaʼni olinishi moʻljallangan organni oʻlim konstatatsiyasi amalga oshirilgan zahoti transplantning keyinchalik normal faoliyat qilishiga toʻsqinlik qiluvchi holatlar yuzaga kelishidan oldin murdadan olish lozim boʻladi.
Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, fuqarolarimizga malakali tibbiy yordam koʻrsatish koʻlamini kengaytirish va oʻta ogʻir bemorlarning toʻlaqonli hayotga qaytishiga imkon yaratish maqsadida ushbu Qonun ishlab chiqildi. Uni ishlab chiqishda Germaniya, Polsha, Rossiya, Belarus, Ukraina, Moldova va AQSH kabi davlatlarning transplantatsiyaga taalluqli qonunchiligi oʻrganildi.
Qonun transplantatsiyani amalga oshirish maqsad va shartlari, transplantatsiya obyektlari, donorlar doirasi (tirik va oʻlganlar), donor
va retsipiyentning huquqlari, tirik va oʻlgan donorlardan aʼzo
va toʻqimalarini olish shartlarini belgilab beradi.
Qonunning qabul qilinishi sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga, aholining huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoyasiga qaratilgan davlat siyosatining amaldagi qonunchilik asoslarini toʻldirishga imkon yaratadi. Bundan tashqari, Qonun, kasallanish va aʼzolardagi qaytarib boʻlmaydigan jarayonlar tufayli oʻlimga olib keluvchi holatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.