Joriy yil 29-30-mart kunlari Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi oʻquv kursi ochilishida shu haqda soʻz yuritildi.
Oʻquv kursi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida oʻtkazildi. Unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti rahbariyati va professor-oʻqituvchilari, Buxoro viloyati prokuraturasi va ichki ishlar tizimi xodimlari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Yahyojon Abdulhaqov oʻquv kursi ochilishi munosabati bilan video-murojaat yoʻllab, maʼruzachi va tinglovchilarni qutladi. Oʻquv mashgʻulotlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturiga asosan oʻtkazilayotgani alohida taʼkidlandi.
Tadbir avvalida, shuningdek, yaqinda boʻlib oʻtadigan referendumda ovoz beriladigan Konstitutsiya loyihasidagi konseptual oʻzgarishlar haqida maʼlumot berildi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada Oʻzbekiston – huquqiy davlat deb belgilanayotgani hamda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi sifatida eʼlon qilinayotgani munosabati bilan inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa koʻpaymoqda.
Bu haqda fikr yuritganda, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishi hamda inson shaxsiga xos boʻlgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi mamlakatimiz tarixida ilk bor konstitutsiyaviy mustahkamlanayotganiga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligi belgilanyaptiki, bularning hammasi mustabid tuzumdan qolgan illatga, qancha yoshlarimizni oʻz orzu-umidlaridan voz kechishga majbur qilgan noinsoniy taqiqlarga chek qoʻyadi.
Bundan tashqari, Konstitutsiyada birinchi marotaba har kim Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini taʼminlaydi.
Oʻquv kursining birinchi kunida “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa solish bilan bogʻliq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilik rivoji”, “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga Fakultativ protokol. Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot”, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzularida maʼruzalar tinglandi.
Mashgʻulotlarning ikkinchi kuni “Voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini taʼminlash kafolatlari”, “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari”, “Kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va Oʻzbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qoʻllanishi” mavzularidagi maʼruzalar tinglovchilar eʼtiboriga havola etildi.
Oʻquv kursi dasturida koʻzda tutilgan inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha maʼlumotlar tinglovchilar uchun har tomonlama tushunarli boʻlishida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari alohida oʻrnak koʻrsatdilar.
Mashgʻulotlar asnosida, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 29-dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomada inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilishi zarurligi taʼkidlanganiga eʼtibor qaratildi. Bu, oʻz navbatida, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari, maʼruza va nutqlari, shuningdek, Milliy strategiya hamda Davlat dasturlarida bu borada belgilab berilgan ustuvor vazifalar nafaqat milliy, balki xalqaro ahamiyatga ham ega. Nega deganda, ayni vazifalar ijrosidan koʻzlangan maqsad – BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalariga tayangan holda, qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirishdan iborat.
Prezidentimizning 2023 yil 7-fevraldagi qarorida, jumladan, inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha muhim yangilanishlar nazarda tutilgan boʻlib, ularning amaliyotga oʻz vaqtida va toʻliq joriy qilinishi ulkan ahamiyatga ega. Bu, bir tomondan, mamlakatimizda inson huquqlariga amal qilinishi holatini tubdan yaxshilashga hissa qoʻshsa, ikkinchi tomondan, Oʻzbekistonning xalqaro imiji yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
Ikki kunlik qisqa oʻquv kursi davomida egallangan nazariy bilimlar amaliy mashgʻulotlar bilan mustahkamlandi. Mashgʻulotlar yakunida test sinovlari oʻtkazildi. Shundan soʻng tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Maʼlumot uchun: Qiynoqqa qarshi kurash yoʻnalishidagi oʻquv kursi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida 2023 yil davomida oʻtkaziladi. Mashgʻulotlarning jami soni 14 tani tashkil etadi va oʻquv kurslaridan 700 nafar tinglovchi tahsil olishi taʼminlanadi.
Mazkur oʻquv kursi BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda oʻtkazilmoqda. Mashgʻulotlar qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining xalqaro amaliyot va milliy tajriba asosidagi amaliy koʻnikmalarini oshirishga moʻljallangan.
Yil boshidan buyon bunday qisqa oʻquv kursi Fargʻona va Buxoro viloyatlarida oʻtkazildi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati.









