баннер
8 Apr 2025
06:04

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashi qayta tashkil etildi

    Inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlar fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolar, ommaviy axborot vositalari – keng jamoatchilik vakillari ayni jarayonlarga jalb qilingandagina kutilgan samaralarini beradi.

    Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni katta ahamiyat kasb etmoqda.

    27-fevral kuni boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida qayta tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi taʼsis yigʻilishida dastavval shu haqda soʻz bordi.

    Taʼsis yigʻilishida Jamoatchilik kengashining asosiy faoliyat yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda kelgusidagi rejalari muhokama qilindi. Jamoatchilik kengashi faoliyatining yoʻnalishlari etib, jumladan:

    - Markazning inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekistonning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish, inson huquqlari sohasidagi taʼlim va aholining xabardorligini oshirish sohalarida jamoatchilik nazorati subyektlari bilan hamkorligini kengaytirish;

    - nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni taʼminlash;

    - inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati toʻgʻrisida Markaz tomonidan tayyorlangan yillik hisobotlarni koʻrib chiqish;

    - inson huquqlari sohasidagi strategiyalar, shuningdek, Markaz faoliyatining taʼsirini baholash;

    - fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyalar, milliy harakat rejalari va boshqa chora-tadbirlar samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

    - inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi chora-tadbirlarini takomillashtirish boʻyicha jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish;

    - Markaz faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilik fikrini kuzatib borish va tahlil qilish;

    - Markaz faoliyati shaffofligini monitoring qilib borish;

    - Markaz faoliyati bilan bogʻliq davlat xaridlari, byudjet mablagʻlaridan foydalanish jarayonlarini kuzatish kabi yoʻnalishlar belgilandi.

    Jamoatchilik kengashi yigʻilishida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining 2020-2024-yillarda bajarilishi holatiga baho berildi. Shuningdek, Markaz tomonidan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilayotgan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha Milliy strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.

    Yigʻilishda Jamoatchilik kengashining faoliyatiga oid tashkiliy masalalar ham koʻrib chiqildi. Jumladan, Kengashning Nizomi va tarkibi tasdiqlandi.

    Jamoatchilik kengashi tarkibi mamlakatimizda inson huquqlari himoyasiga, jumladan bolalar, ayollar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa qatlamlari huquqlarini himoya qilishda hissa qoʻshib kelayotgan jamoatchilik vakillari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, taʼlim va fan sohasi vakillaridan iborat.

    Jamoatchilik bilan ishlash sohasida koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining raisi etib saylandi.

    Jamoatchilik kengashining kotibi lavozimiga inson huquqlari sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga, taʼlim va tarbiyaga katta hissa qoʻshib kelayotgan tajribali pedagog, taniqli olima – Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Gavhar Yuldasheva saylandi.

    Yigʻilish yakunida Kengash aʼzolari inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishini monitoring qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish boʻyicha takliflar tayyorlash, Markaz faoliyatini monitoring qilib borish, inson huquqlarini himoya qilish tadbirlari samarasini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar bildirish yuzasidan kelishib oldilar.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi matbuot xizmati.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech