2022-yil 1-iyunda Toshkentda boshlangan va uch kun davom etadigan treningda Oʻzbekiston Respublikasi penitensiar muassasalari xodimlari ishtirok etyapti.
Trening Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining “Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini barqaror rivojlantirishga koʻmaklashish” qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tadbirning ochilishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov taʼkidlaganidek, “Har qanday sharoitda inson hayotini, xotin-qizlarimizning sogʻligʻini, ularning farovonligi va baxt-saodatini saqlab qolish eng ustuvor vazifa ekanini unutmasligimiz kerak. Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, gender tengligi davrida ayollarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan aniq rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish juda muhimdir. Shu munosabat bilan jamiyatimizda gender tengligi tamoyillarini amalga oshirish, gender zoʻravonligiga barham berish Oʻzbekiston davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi”.
Treningdan koʻzlangan maqsad – Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish Bosh departamenti tizimidagi penitensiar muassasalar xodimlarining ozodlikdan mahrum qilish joylarida gender zoʻravonlikning oldini olish sohasidagi xalqaro standartlar toʻgʻrisida xabardorligini oshirishdan iborat.
Uch kunlik trening davomida ishtirokchilarga Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish va himoya qilish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlari, jinsiy zoʻravonlik tushunchasi, ozodlikdan mahrum qilish joylarida zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar haqida maʼlumot beriladi.
“Loyihamiz faoliyati doirasida YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi qiynoqlarga qarshi milliy preventiv mexanizmning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashga, Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha BMT fakultativ protokolini ratifikatsiya qilishga, qiynoqqa solinmaslik huquqlariga rioya etilishi ustidan monitoring tizimini qoʻllab-quvvatlashga, shuningdek, BMT Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha soʻnggi tavsiyalarini hisobga olgan holda Milliy harakat rejasini ishlab chiqishga har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanini bildiradi”, — dedi YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Hans Ulrix Ihm.
Trening doirasida ishtirokchilar ozodlikdan mahrum qilish joylarida gender zoʻravonlikning oldini olish masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlikda ish olib borish imkoniyatlarini muhokama qilyapti.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati.









