“Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni kimlarga taqdim etiladi?

    Mamlakatimizda 1 Dekabr 2020 1372

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartib-qoidalariga doir quyidagi savollarga javob qaytardi.

    – “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni qachon va qanday tartibda topshiriladi?

    – Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-noyabrdagi qaroriga asosan:

    “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni 10-dekabr –Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida topshiriladi.

    “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan mukofotlash Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.

    Kimlar ushbu koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishi mumkin?

    “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, inson huquqlari madaniyatini oshirish hamda sohani rivojlantirish ishlariga munosib hissa qoʻshgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.

    Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar, shuningdek inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.

    – Nomzodlarni kim tavsiya qiladi?

    – Fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha nomzodlar Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga tavsiya etiladi.

    Nomzod boʻyicha takliflarga ilova sifatida nomzod haqida maʼlumotnoma, soʻnggi uch yil davomida uning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma taqdim etiladi.

    Bugungi kunga qadar bu borada Markaz tomonidan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlariga soʻrovlar yuborilgan. Bundan tashqari, tegishli eʼlon Markazning rasmiy veb-sayti hamda OAV, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirildi.

    – Nomzodlarni kim koʻrib chiqadi?

    Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadigan nomzodlarga oid tavsiyalarni koʻrib chiqish uchun Markaz tomonidan har yili komissiya tashkil etiladi.

    Komissiya tarkibiga inson huquqlari sohasida ish olib boradigan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va mutaxassislar, shuningdek sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari kiritiladi.

    Komissiya yigʻilishida “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha nomzodlarning tegishli hujjatlari oʻrganib chiqiladi. Shu asosda eng munosib nomzodlar yuzasidan yakuniy xulosa qabul qilinadi.

    Bu haqda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazining matbuot xizmati xabar beradi.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni taʼsis etilgan.

    Oʻz navbatida, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-noyabrdagi 685-sonli qarorigabinoan, “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom hamda “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari tasdiqlandi.