“Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni sovrindorlari taqdirlandi

    Mamlakatimizda 4 Dekabr 2023 987

    Joriy yil 4-dekabrda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida bir guruh fuqarolar va tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

    Taqdirlash marosimi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va 10-dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan eʼlon qilingan “Inson huquqlari oʻn kunligi” doirasida oʻtkazildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlariga oid normalar uch barobardan ortiq koʻpayganini alohida taʼkidladi. Mazkur konstitutsiyaviy normalar va Oʻzbekiston qoʻshilgan inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomalar talablaridan kelib chiqib, mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelinyapti.

    Bunda, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tarbiyani oilada, maktabgacha taʼlimda, maktab yoshida, oliy taʼlimda, sud va huquqni muhofaza qilish organlari kabi professional institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari orqali uzluksiz davom ettirish muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan taʼsis etilgan “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni ayni sohadagi masʼuliyatli ishlarga yelkadosh boʻlayotgan fidoyi yurtdoshlarimiz va xorijiy hamkorlarimizni ragʻbatlantirishda oʻziga xos oʻrin tutadi.

    Taqdirlash marosimida eʼlon qilinganidek, 2023-yilda 5 ta nominatsiya – “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy ishlar”, “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat tashkilotlardagi faoliyat”, “Inson huquqlari targʻiboti”, “Inson huquqlari sohasidagi taʼlim va ilmiy tadqiqotlar”, shuningdek, “Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” yoʻnalishlarida qoʻshgan hissasi uchun 16 nafar nomzod “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga munosib deb topildi. Xususan:

    I. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy ishlari uchun:

    ● Burxonov Kutbiddin Nukritdinovich – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi;

    ● Shirinov Djahongir Djabborovich – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi;

    ● Shlimbetov Jenisbay Qurbanbayevich – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha mintaqaviy vakili;

    ● Niyazmetova Gulrux Kuralovna – Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari;

    II. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat tashkilotlar faoliyati uchun:

    ● “Yuksalish” umummilliy harakati;

    ●“Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti;

    ● Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi;

    III. Inson huquqlari targʻiboti boʻyicha faoliyati uchun:

    ● “Tong yulduzi” gazetasi tahririyati;

    ● КУН.Уз sayti tahririyati;

    ● Remko Redding (Niderlandiyalik jurnalist) – tadqiqotchi, yozuvchi va jurnalist, sovet faxriylari jamgʻarmasi direktori;

    IV. Inson huquqlari sohasidagi taʼlim va ilmiy tadqiqotlari uchun:

    ● Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi;

    ● Oqyulov Omonboy – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor;

    ● Bakayeva Farida Xadjmuratovna – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi sobiq boʻlim boshligʻi, yuridik fanlar nomzodi;

    V. Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun:

    ● Martin Chungong – Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi;

    ● Janni Magazenni – BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi UPR boʻlimining sobiq boshligʻi, UPR-Info Boshqaruvi aʼzosi;

    ● Baxtiyor Rayisovich Tuzmuxamedov – BMT Qiynoqlarga qarshi qoʻmitasi rais oʻrinbosari, yuridik fanlar nomzodi, professor.

    InsonhuquqlariboʻyichaOʻzbekistonRespublikasiMilliymarkazidirektoriAkmalSaidov “Insonhuquqlarihimoyasiuchun” koʻkraknishoniniegalarigatantanaliravishdatopshirdi.

    Sovrindorlar nomidan soʻzga chiqqan xalqaro va milliy tashkilotlar, ilmiy-taʼlim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari minnatdorchilik izhor etib, Oʻzbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarda belgilangan majburiyatlariga qatʼiy va sidqidildan amal qilib kelayotganini eʼtirof etdi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.