Global forumning ikkinchi yalpi majlisida butun dunyoda inson huquqlari bilan shugʻullanuvchi yosh pedagoglarning ilgʻor tajribasini ommalashtirishga qaratilgan hujjatli loyiha muhokama qilindi. BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va oʻqitish boʻlimi muvofiqlashtiruvchisi Yelena Ippoliti hamda mazkur boʻlim xodimi Paulina Tandiono ayni mavzuda oʻz maʼruzalarini taqdim etdi.

Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalarda takomillashtirish zarur. Shu nuqtayi nazardan, Global forumning uchinchi yalpi majlisi bu boradagi ilgʻor tajribalar toʻgʻrisida axborotlar almashish va shu asosda amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga bagʻishlandi.

YUNESKO Bosh direktorining Taʼlim masalalari boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Jannini hamda Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Duarte Pachekoning videomurojaatlari tinglandi. Shuningdek, AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi koordinatori, “The Bukharian Ties” gazetasi Bosh muharriri Rafael Nektalov soʻzga chiqdi.

Global forumning Yakuniy hujjatini qabul qilish masalasi toʻrtinchi yalpi majlisda koʻrib chiqildi. Ishtirokchilarning taklif-tavsiyalari asosida “Inson huquqlari sohasida taʼlimni rivojlantirish boʻyicha Samarqand harakatlar rejasi (2023–2025)” qabul qilindi.

Shundan soʻng Global forumning yopilish marosimi boʻldi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Inson huquqlari taʼlimi boʻyicha mintaqaviy vakili v.b. Fabio Piana tashkilotchilar tomonidan Global Forumda ishtirok etganlari uchun barcha xalqaro tashkilotlar vakillariga, milliy va xorijiy ekspertlarga, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, taʼlim muassasalari, akademik jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillariga minnatdorchilik bildirdilar.

Global forumda:

  • BMTning Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi hamda Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish natijalari muhokama qilindi;
  • inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar hamda yondashuvlarni qoʻllash masalasi tahlil qilindi;
  • inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha qoʻlga kiritilgan eng samarali tajriba va amaliyotni oʻrganish, targʻib qilish va joriy etish holati hamda imkoniyatlariga baho berildi;
  • Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichi asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Eng muhimi, Global forum yakunlari boʻyicha qabul qilingan Inson huquqlari sohasida taʼlimni rivojlantirish boʻyicha Samarqand harakatlar rejasida inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tarbiyani samarali amalga oshirish boʻyicha xalqaro hamjamiyat, milliy hukumatlar, oʻquv va ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlari oldida turgan vazifa, taklif va tavsiyalar oʻz ifodasini topdi. Ularni quyidagi yoʻnalishlarga, yaʼni:

birinchi yoʻnalish – inson huquqlari sohasida uzluksiz taʼlim va tarbiyaga xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi innovatsiyalarni joriy qilish, mustahkam hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, ilgʻor tajribalar bilan almashinish va moliyalashtirishni kengaytirish;

ikkinchi yoʻnalish – inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni milliy tillarga tarjima qilish va tarqatishga koʻmaklashish;

uchinchi yoʻnalish – hamkorlikda inson huquqlari boʻyicha taʼlim dasturlari, oʻquv kurslari hamda amaliy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;

toʻrtinchi yoʻnalish – inson huquqlari sohasidagi ilmiy va oʻquv adabiyotlar bilan tizimli taʼminlash maqsadida Inson huquqlari boʻyicha axborot-resurs markazlari, shuningdek, tegishli nashriyotlar faoliyatini tashkil qilish;

beshinchi yoʻnalish – yoshlar oʻrtasida inson huquqlari sohasidagi taʼlimga eʼtiborni kuchaytirish, inson huquqlari oʻquv kurslarini taʼlim, malaka oshirish muassasalarining rejasiga kiritish;

oltinchi yoʻnalish – inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqot, taʼlim va tarbiya, targʻibot faoliyatini amalga oshiradigan tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻqituvchi-pedagoglarni ragʻbatlantirish;

yettinchi yoʻnalish – inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga koʻmaklashish yoʻnalishlariga ajratish mumkin.

Global forum yakunida forum ishtirokchilarining tajribasi ushbu vazifalarni amalga oshirishga yaqindan yordam berishiga ishonch bildirildi. Chunki bunda “taʼlim va tarbiyada tanaffus boʻlmaydi”, degan tamoyilga amal qilib, inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tarbiyani oilada, maktabgacha taʼlimda, maktab yoshida, oliy taʼlimda, sud va huquqni muhofaza qilish organlari kabi professional institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari orqali uzluksiz davom ettirish muhim ahamiyatga ega.