Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) kotibiyati mudiri Saidbek Azimov, Buyuk Britaniyaning inson huquqlari bo'yicha elchisi, BMTning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi rahbari o'rinbosari Rita French hamda Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchisi Tim Torlot o'rtasida onlayn muloqot bo'lib o'tdi.
O'zaro muloqot davomida so'nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini ta'minlash borasida muhim tashabbuslar ilgari surilgani, jumladan, Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Vakil vakolatlari kengaytirilgani, qonunchilikka muhim o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgani ta'kidlandi. Qolaversa, Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish bo'yicha Milliy preventiv mexanizm yo'lga qo'yilib, bu orqali jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining ta'minlanishi bo'yicha jamoatchilik nazorati o'rnatilgani alohida qayd etildi.
Vakil kotibiyati mudiri S.Azimov davlatimiz rahbarining Parlamentga yo'llagan Murojaatnomasida ham qiynoqlarni oldini olish bo'yicha Ombudsman boshchiligida har chorakda jamoatchilik vakillari bilan ushbu milliy preventiv mexanizm doirasida tergov izolyatorlari va jazoni ijro etish muassasalarida monitoringlar o'tkazib borishi hamda har yili Vakil tomonidan Parlamentga qiynoqlarni oldini olish bo'yicha ma'ruzasini taqdim etishi, qolaversa, bu borada Ombudsman vakolatlarini kengaytirish bo'yicha ham ko'rsatma berilganiga e'tibor qaratdi. SHuningdek, ushbu nazorat tadbirlarida Ombudsman huzuridagi komissiya a'zolari hisoblangan jamoatchilik hamda mintaqaviy vakillar muntazam ishtirok etib kelayotganini bildirdi va mazkur faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida jamoatchilik vakillari uchun o'quv-seminarlar tashkil etish bo'yicha hamkorlik qilishni taklif etdi.
Muloqotda Buyuk Britaniyaning inson huquqlari bo'yicha elchisi, BMTning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi rahbari o'rinbosari Rita French Ombudsman instituti O'zbekiston Hukumati va Parlamenti tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgani barobarida u o'zining xalqaro pozitsiyasini mustahkamlab, 2020 yilda Milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalarining global al`yansi tomonidan “B” maqomga ega bo'lgani yuqori baholandi. SHu bilan birga, so'nggi yillarda Ombudsman instituti faoliyatidagi ijobiy ma'nodagi tub burilishlar va rejalashtirilayotgan islohotlarning amalga oshirilishi uning xalqaro hamjamiyatdagi o'rnini yanada mustahkamlashiga tilak bildirdi.
Uchrashuv davomida tayyorlanayotgan “Bolalar Ombudsmani to'g'risida”gi qonun loyihasini xalqaro talablar darajasida ishlab chiqish, 2020 yilda Vakil nomiga yuborilgan murojaatlar tahlili borasida ham o'zaro fikr almashildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha
vakili (Ombudsman) matbuot xizmati