Inson kapitaliga e'tibor — asosiy vazifa

    Inson va uning qobiliyatlari, bilim, malakasi har qanday jamiyat farovonligi va davlat iqtisodiy taraqqiyotining asosiy omiliga aylangan bugungi kunda Oʻzbekistonda ham inson kapitali, shubhasiz, ijtimoiy iqtisodiy siyosatning ustuvor yoʻnalishi sifatida namoyon boʻlmoqda. Chunki inson kapitalini rivojlantirish — innovatsion iqtisodiyot, bilimlar iqtisodiyoti, investitsiyalar, global axborot tizimlari, eng yangi texnologiyalar va biznesning yangi shakllarini rivojlantirishning zarur sharti sanaladi.

    Inson kapitali (ing. human capital) — bu inson va umuman jamiyatning turli ehtiyojlarini qondirish uchun ishlatiladigan bilimlar, koʻnikmalar toʻplami. Inson potensialini tashkil etuvchi turli xususiyatlar ichida, inson kapitali aynan daromadlarning oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatuvchi xususiyatlarni ifodalaydi, shu jihatdan inson kapitali ishchining maxsus taʼlim, kasb-hunarga tayyorlash va ishlab chiqarish tajribasi asosida toʻplangan bilimlari, ularni amalda qoʻllashi va mahoratini oʻz ichiga oladi.

    Dunyo tajribasi va amaliyoti shuni koʻrsatmoqdaki, aynan inson kapitaliga investitsiya yoʻnaltirishni ustuvor vazifa sifatida tanlagan mamlakatlar yuksak taraqqiyotga erishmoqda. Chunonchi, rivojlangan mamlakatlarda taʼlimning toʻliq sikliga investitsiya kiritishga, yaʼni, bola 3 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan davrda uning tarbiyasiga sarmoya sarflashga katta eʼtibor beriladi.

    Mamlakat

    Taʼlimning toʻliq sikliga sarflangan sarmoya (dollar)

    Bir xodim yaratadigan qoʻshimcha qiymatning miqdori (dollar)

    AQSH

    231 000

    3,1 mln.

    Janubiy Koreya

    130 000

    2,1 mln.

    Oʻzbekiston

    19 000

    77 ming

    Agar yuqoridagi maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, AQSH va Janubiy Koreyada bir ishchi kuchini shakllantirishga ketgan xarajat oʻzini 13-17 karra oqlagani holda, Oʻzbekistonda sarflangan sarmoyaning jamiyatga keltiradigan foydasi atigi 4 barobarni tashkil etadi.

    2018-yilda Jahon Banki tomonidan eʼlon qilingan “Inson kapitali indeksi-2018” reytingida Singapur (0,88 koeffitsent), Yaponiya (0,84), Koreya (0,84), Gongkong (0,82) va Finlyandiya (0,81) peshqadamlik qilgan. Ushbu davlatlarning intellektual salohiyati ham juda yuqori.

    Agar xorijiy toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etgan mamlakatlarning 2019-yilgi reytingiga qaraydigan boʻlsak, bugungi kunda xorijiy investitsiyalar arzon ishchi kuchi boʻlgan mamlakatlarga emas, balki intellektual salohiyati hamda inson kapitali yuqori salohiyatga ega boʻlgan mamlakatlarga kiritilayotganligiga guvoh boʻlamiz.

    Reyting

    Iqtisodiyot

    Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi ($ mln)

    1

    Amerika Qoʻshma shtatlari

    258 390 000 000

    2

    Xitoy

    203 492 014 029

    3

    Germaniya

    105 277 588 652

    4

    Braziliya

    88 324 149 805

    5

    Gonkong

    86 462 759 029

    6

    Singapur

    82 039 577 168

    103

    Oʻzbekiston

    624 293 458

    Afsuski, mamlakatimizda maktab oʻquvchilarini bilimini aniqlash uchun oʻtkazilgan monitoring ishlari xalqaro standartlarga mos ravishda emasligi sababli taʼlim sifati (oʻquvchilarning bilimini baholash) boʻyicha taqdim etilgan maʼlumotlar qabul qilinmagan va shu tufayli 2020-yilga qadar Inson kapitali indeksi” reytingida Oʻzbekiston Respublikasining maʼlumotlari eʼlon qilinmagan.

    Mamlakatimizda innovatsion rivojlanishga toʻsqinlik qilayotgan asosiy muammolarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan samarali islohotlar oʻz natijasini berib, 2020-yil uchun inson kapitali indeksiga Oʻzbekistondagi sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasiga oid maʼlumotlar ham kiritildi. Ushbu tadqiqotlarda ilk marotaba ishtirok etgan Oʻzbekiston 0,62 koeffitsent bilan MDH mamlakatlari ichida Belarus Respublikasi (0,7), Rossiya (0,68) va Qozogʻiston (0,63)dan keyingi oʻringa joylashgan.

    Darhaqiqat, keyingi yillarda Oʻzbekistonda inson kapitalini rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash va xalqqa munosib turmush tarzini yaratib berishga kun tartibidagi asosiy masala sifatida qaralmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonida “Mamlakatning xalqaro maydondagi
    raqobatbardoshligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish —strategiyaning bosh maqsadidir”, deb belgilab berildi.

    Shu bilan birga, 2019-yilning may oyida ilm-fan va oliy taʼlim sohasini rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosiga bagʻishlangan yigʻilishda Prezidentimiz mazkur sohaga oid davlat dasturlarini shakllantirish va markazlashgan tartibda moliyalashtirish orqali ilm-fanni tubdan rivojlantirish, yuksak natijadorlikka yoʻnaltirilgan ixtisosliklar boʻyicha milliy laboratoriyalar tizimini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz fani nufuzini koʻtarish boʻyicha fikr yuritar ekan, “...Bu ishlardan asosiy maqsad mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish, xom ashyo va uni qayta ishlash bilan uzoqqa borib boʻlmaydi, qolaversa, ishlab chiqarishda qoʻshimcha qiymat olish uchun ham innovatsiyalar kerak. Shu bois ilm-fan taraqqiyotimizning muhim yoʻnalishi, tayanchi boʻladi”, — deb taʼkidlab oʻtdi.

    Soha mutaxassislarining fikriga koʻra, ilk bolalikda investitsiya kiritish boshqa dasturlarga qaraganda eng samaralidir. Chunki inson kapitalining rivojlanish jarayonining boshlanishi 3-4 yoshga toʻgʻri keladi va ushbu nuqtadan boshlab bola kelajakda oʻz taqdirini oʻzi belgilash va oʻzini namoyon qilish qobiliyatiga ega boʻla boshlaydi, mehnat bozorida oʻz qobiliyatiga murojaat qilishga oʻrganadi. Shu sababdan, yurtimizda maktabgacha taʼlim sohasida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2018-2019-yillarda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun 1 412 ta davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar imzolanib, ulardan 1 097 tasi boʻyicha imtiyozli kreditlar ajratildi.

    Prezident tashabbusiga koʻra, yurtimizda 2020-yilga “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinganligi ham yurtimizda ilmiy salohiyat va taʼlim — tarbiyani taraqqiyotning poydevori sifatida qaralayotganligidan dalolat beradi.

    Lutfiya QODIROVA,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

    Davlat boshqaruvi akademiyasi Guliston hududiy

    filiali dotsenti