Jumladan, yangi oliy ta'lim muassasalari tashkil etilishi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy yo'nalish va mutaxassisliklari hamda sirtqi va kechki bo'limlar ochilishi, qabul kvotalarining oshirilishi mazkur yo'nalishdagi muhim islohotlardir.
Ta'lim darajasi va sifati davlat uchun ham, fuqarolar uchun ham zarur. U inson kapitalining sifat ko'rsatkichi va iqtisodiy o'sishni ta'minlovchi muhim omil. Hozir ta'lim tizimini isloh qilish jarayonida yurtimiz ko'p pozitsiyalar bo'yicha rivojlangan mamlakatlar darajasiga erishdi. Biroq yoshlarni kasbga tayyorlash bilan bog'liq ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. SHuning uchun ham kadrlar tayyorlashni sifat jihatidan yaxshilash masalasini hal etish mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Aytish joizki, hozir ma'lum ma'noda dunyo bo'yicha ta'lim sifati pasayib boryapti. Bu taraqqiyot darajasi turlicha bo'lgan mamlakatlarda umumjahon muammosiga aylanmoqda. Mavjud kamchiliklar kasbiy ta'lim, ayniqsa, oliy ta'lim muassasalarida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Ko'pchilik tadqiqotchilar muammoning ildizi sifatida maktabdagi o'qitish samaradorligi hamda abiturientlarni tayyorlash darajasi pasayganini qayd etadi.
Mutaxassislar fikricha, hozir talabalikka tayyorlash darajasi o'tgan asrning 70-80 yillaridagiga nisbatan ancha past bo'lib, bunday holat jamiyatda ta'limning umumiy inqirozidan dalolat beradi. Tadqiqotchilarning bir guruhi bunday inqirozni ilm-fan va intellektual faoliyatning boshqa turlariga qiziqishning pasayib ketishi oqibati, deb hisoblaydi.
Kasbiy ta'limdagi muammolarning bir necha turi mavjud. Bir tomondan, o'quv muassasalarini moliyalashtirishning bozor tamoyillariga o'tgani aholi ijtimoiy zaif qatlamining ta'lim olish imkoniyatini chegaralab qo'ydi (talabalarning yarmidan ko'pi to'lov shartnomasi asosida o'qiydi).
Ikkinchi tomondan, muayyan tarixiy va madaniy qadriyatlar, oilada qizlar tarbiyasi borasida shakllangan an'analarga ko'ra, qizlar va ayollarning oila va ijtimoiy hayotdagi roli to'g'risida ma'lum qarashlar mavjud. Bunday omillar xotin-qizlarning ta'lim olishi va kasb tanlashiga ta'sir qilmay qolmaydi.
O'tkazilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, shakllangan an'analarga ko'ra, qizlarning o'qishi to'g'risidagi qaror ota- onasining uyida ham, turmushga chiqqandan so'ng turmush o'rtog'ining uyida ham kattalar tomonidan qabul qilinadi. Qizlar, hatto ayollar ham ularning qaroriga bo'ysunishni tabiiy, deb hisoblaydi. O'zbekistonda bu masalaga davlat darajasida katta e'tibor qaratilib, ijobiy echimlarga erishildi.
Jumladan, 2021-2022 o'quv yilidan boshlab mamlakatimizdagi barcha oliy ta'lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta'lim shaklida va magistratura bosqichida to'lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta'lim krediti ajratishning yangi tizimi yo'lga qo'yiladi. Unga ko'ra, tijorat banklari ta'lim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida (hozirgi kunda 14 foiz) ajratadi. Resurslar Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladi.
Ta'lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o'qish muddati tugagandan so'ng ettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Bu esa ota-onalar uchun ham juda katta engillikdir. Ta'lim kreditini rasmiylashtirish va uni qaytarishda talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo'lgan oila a'zolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalar farzandlaridan esa, ta'lim krediti uchun garov va kafillik talab etilmaydi.
Ta'lim krediti bo'yicha tijorat banklarini moliyaviy resurslar bilan ta'minlash uchun Moliya vazirligi huzurida Ta'lim kreditini moliyalashtirish jamg'armasi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta'lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan, 2021-2022 o'quv yilidan boshlab davlat oliy ta'lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta'lim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to'plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy qilinadi. U davlat byudjeti mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladi.
O'qish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat ta'lim yo'nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo'yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo'shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi. SHu o'rinda yana bir masalaga to'xtalib o'tsak. O'zbekiston aholisining yosh va gender xususiyatlarini inobatga olgan holda milliy ta'lim tizimiga, xususan, ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san'at va matematika ta'limiga alohida e'tibor qaratish darkor.
O'zbekistonning bugungi ijtimoiy-iqtisodiy muammolari orasida yoshlar ishsizligi qattiq xavotir uyg'otmasa-da, ularni mehnatga faol jalb qilish markaziy o'rindagi masaladir. SHuning uchun ham yurtimiz mehnat bozorida yoshlarning o'rni jamiyat iqtisodiy-ijtimoiy hayotidagi muhim ko'rsatkichlardan biri sanaladi. SHu bilan birga, yoshlar iqtisodiy faol aholining mehnatga layoqatli, tez o'rganuvchi, yuqori jismoniy kuchga ega guruhi hisoblansa ham hozirgi mehnat bozorida ularning ishsizligini tadqiq etish jiddiy muammolardan biri bo'lib qolmoqda.
SHuning uchun ham ularning bandligini ta'minlash, yoshlar mehnat bozorini tartibga solishga davlat siyosatining dolzarb muammolaridan biri sifatida qaraladi. Dunyo reytingida yuqori o'rinda turuvchi Massachusets texnologiya instituti, Kembrij va Oksford universitetlarining yillik daromadi ayrim davlatlarning ko'rsatkichidan yuqori. 12 ming nafarga yaqin talaba o'qiydigan birgina Massachusets texnologiya institutining jamg'arma kapitali 18 milliard dollardan oshadi.
Mazkur mablag'ning katta qismi ilmiy tadqiqotlar, bitiruvchilar va xayriya hisobidan shakllantirilgan bo'lsa, ta'lim olish uchun to'lanadigan kontrakt mablag'lari ulushi institut jamg'arma kapitalida 20 foiznigina tashkil etadi.
Oliy ta'lim muassasalari iqtisodiy muammolarni hal qilishda ta'lim va tadqiqotlardan tortib, to tadbirkorlik va hamkorlikka qadar funktsional yo'nalishlarni kengaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga e'tibor qaratishlari maqsadga muvofiq. Bu jarayon oliy ta'lim muassasalarining nafaqat ta'lim xizmatini ko'rsatish bilan bog'liq faoliyatini rag'batlantirish, balki ularning dolzarb yo'nalishlarda tadqiqot olib borishi, o'z tadqiqotlarini tijoriylashtirish orqali daromad ko'rishi va bu orqali mamlakat iqtisodiyotida muhim rol` o'ynashi, bir so'z bilan aytganda, “tadbirkor oliy ta'lim muassasalar”ga aylanishi uchun ham muhim.
Agar oliy ta'lim muassasalari tadbirkor bo'lsa, ilmiy tadqiqotlar yangi xizmat, faoliyat yoki mahsulot ishlab chiqarish bilan yakunlanadi. Bunday bo'lmasa, ilmiy tadqiqotlar kamdan-kam hollarda innovatsiyalarga aylanadi hamda ko'pincha kutubxonalarda saqlanadi. SHu sababli universitetlar ichki va tashqi tadqiqotlar o'tkazishi, bu jarayonda atrof-muhit sharoitini hisobga olgan holda ularning tuzilishi, ishlashi, jarayonlari va infratuzilmasi uchun model ishlab chiqishi kerak.
Statistik ma'lumotlarga murojaat qiladigan bo'lsak, mamlakatimizda 2020 yilda mehnatga layoqatli aholi ulushi 58-59 foiz orasida o'zgarib turdi. YUrtimizda iqtisodiy faol aholining 41 foizini 16 yoshdan 30 yoshgacha bo'lganlar tashkil qiladi. Ularning 13,9 foizi oliy, 60,2 foizi o'rta maxsus, 25,9 foizi o'rta ma'lumotga ega kadrlardir.
Bundan ko'rinadiki, yoshlar mehnat bozorida oliy ma'lumotlilarga nisbatan o'rta maxsus ma'lumotga egalar o'rtasida raqobat, ish o'rniga talab yuqori. Agar 2030 yilgacha bitiruvchilarni oliy ta'limga qamrov 50 foizga etkazilsa, ish o'rni uchun raqobat kuchayadi. Ish beruvchi o'z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda talabgorni tanlab oladi. Albatta, yuqori bilim va malakaga ega talabgor yaratilgan ish sharoiti bilan tanishib, so'ng da'vogarlik qiladi.
Har taraflama oqilona tashkil etilgan ish o'rni uchun raqobatda o'z ishining mutaxassislari ustunlikka erishadi. Lekin bugungi kunda iqtisodiy nofaol aholining 69 foizini 16 yoshdan 30 yoshgacha bo'lganlar tashkil qilishi yaxshi holat emas. Bunday vaziyatda yoshlar mehnat bozorini rivojlantirish, ularning kasbiy harakatchanligini hisobga olgan holda talab va takliflarini o'rganish, yoshlarni kasbga yo'naltirish dasturlarini amalga oshirish g'oyat muhim ahamiyat kasb etadi. YUrtimizda mehnat bozorini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmini takomillashtirish, ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi sharoitida yanada dolzarblashmoqda.
SHu bilan birga, pandemiya davrida “Buyuk yopilish” atamasi bilan kirib kelgan iqtisodiy holat xalqaro xo'jalik aloqalariga sezilarli ta'sir ko'rsatmoqda. Misol uchun, Xalqaro mehnat tashkilotining 2020 yil birinchi choragi yakuni bo'yicha e'lon qilgan monitoringi natijalariga ko'ra, COVID-19 pandemiyasi tufayli global miqyosda millionlab ish o'rinlari to'liq yoki qisman yopildi.
Bu esa jahondagi ish bilan band aholining 81 foiziga ta'sir qilgan. Mehnat bozoriga kirib kelayotgan ish kuchi resurslari, jumladan, yoshlarning bandligini ta'minlash, malakasini oshirish, ish beruvchilar talabiga moslashtirish, talab va taklifni muvofiqlashtirish, mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi kambag'allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishdan iborat bo'ladi.
Ushbu strategik maqsadlarga hamma uchun teng imkoniyat yaratadigan yuqori iqtisodiy o'sish hisobiga erishiladi. Ortiqcha ishchi kuchining mamlakatdan tashqariga chiqib, ish bilan band bo'lishiga tabiiy holat deb ham qarash mumkin, ammo mehnat resurslarining norasmiy tarzda yurtni tark etishi va chet ellarda mehnat qilishi ularning huquqiy asosini yo'qqa chiqarish xavfini yuzaga keltiradi. Norasmiy migrantlar chet mamlakatlarda asosan norasmiy sektorda band bo'ladi. Buning natijasida ularga hech qanday huquqiy kafolat berilmaydi. SHuning uchun mehnat bozoridagi ahvolni o'rgangan holda ichki migratsion siyosatni faolroq olib borish maqsadga muvofiq.
Ichki migratsiya tufayli yangi-yangi tabiiy boyliklarni ishga solish, yangi erlarni o'zlashtirish, ijtimoiy ishlab chiqarish hajmini kengaytirish mumkin. Ammo migratsiyaning davlat manfaatlariga muvofiq bo'lmagan yo'nalishi, ya'ni aholining mehnat resurslari bilan to'la ta'minlangan hududlarga ko'chib o'tishi yuzaki qaraganda ijobiy ko'rinsa-da, aslida salbiy natijaga olib keladi. Bu o'rinda oliy ta'lim muassasalari va ish beruvchi tashkilotlar o'rtasida uzviy aloqalarni mustahkamlash dolzarb masaladir. Jumladan, ta'lim dargohida ish beruvchilarning amaliy laboratoriyasi, o'quv-amaliyot auditoriyalari, ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etishga alohida e'tibor qaratish zarur.
Bu ishtirokchi tomonlar uchun ham manfaatli bo'ladi. Ish beruvchi malakali kadrga, oliygoh sifatli ta'lim berish imkoniyatiga, talaba nazariy va amaliy bilimga ega bo'ladi. Bugungi kunda O'zbekiston mehnat bozoridagi holat xalqaro tashkilotlar tomonidan o'rta darajada rivojlanayotgan deb baholanmoqda. Mamlakatimizning o'ziga xos demografik rivojlanishini, shuningdek, har yili mehnatga layoqatli aholi soni ortib borayotgani, mehnat bozoriga birinchi marotaba qadam qo'yganlar soni yiliga o'rtacha 500 ming kishini tashkil etayotganini inobatga olsak, hozirgi kunda shakllanayotgan raqamli iqtisodiyotning mehnat bozoridagi vaziyatga qo'shimcha yuklama berishi ehtimoli mavjud.
2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining to'rtinchi yo'nalishi aholi bandligini yangi barqaror ish o'rinlari yaratish orqali oshirishga qaratilgan vazifalarni o'z ichiga oladi. SHuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatiga oid islohotlarning qayta ko'rib chiqilgani mamlakatimiz mehnat bozorida ustuvor maqsadlarga erishish yo'lida qat'iy qadamlar qo'yganidan dalolat.
Hozirgi axborot asrida jamiyat yanada barqaror rivojlanishi va taraqqiyotga erishishi uchun raqamli bilim va axborot texnologiyalariga ko'proq e'tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. CHunki dunyoning ko'p davlatlarida, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda raqamli iqtisodiyot tez sur'atda o'smoqda. Lekin uning tushunchasi va miqdoriy ko'rsatkichlari, alohida soha va tarmoqlarga ta'sir doirasi to'g'risidagi ma'lumotlar ziddiyatli va cheklanganligicha qolmoqda. endi raqamli davr kelib chiqishini aniq tushunishning o'zigina etarli bo'lmaydi.
Uning istiqboli, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarga kirib kelishi va ularga qay darajada ta'sir etishini prognoz qilish juda muhim. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi darajasiga ko'ra, hozirgi kunda eng rivojlangan mamlakatlarda “Sanoat 4.0” yoki “Raqamli iqtisodiyot” deb nomlangan yangi sanoat inqilobi kuzatilmoqda. Oldingi taraqqiyot bosqichlarini o'z ichiga olgan yangi innovatsion iqtisodiyotda hayotning jismoniy, raqamli, ijtimoiy va biologik jabhalaridagi chegaralar asta-sekin yo'qolib borayotganini XX asr oxiri — XXI asr boshidan rivojlana boshlagan mamlakatlar tajribasi misolida yaqqol kuzatish mumkin.
Raqamli texnologiyalarni yaratish va boshqarish bo'yicha yangi kasblar hamda ish o'rinlari paydo bo'ldi. Kelgusida kasb tushunchasining o'zi ham tub o'zgarishlarga yuz tutadi: ishchining ma'lum mutaxassislik bo'yicha olgan bilim va ko'nikmasi turg'un va barqaror bo'lmay qoladi. YAngi iqtisodiyotda raqobatbardosh bo'lish uchun ishchilardan bir necha bosqichli ko'nikmalar talab etilsa, ish beruvchilar ishchilar soniga emas, balki “skills stock”, ya'ni “ko'nikmalar portfeli”ga e'tibor qaratishi zarur bo'ladi.
To'lqin TESHABOEV,
Toshkent moliya instituti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor