Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida Agentlik Markaziy apparatida alohida Ichki nazorat boʻlimi tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy vazifasi tizimda korrupsion holatlarning yuzaga kelish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning taʼsirchan choralarini ishlab chiqishdan iborat.
Hozirgi kunda Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan ichki huquqiy-meʼyoriy hujjatlar va tartib-qoidalar, jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati, Odob-axloq koidalari, manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish boʻyicha Nizom va shu turdagi boshqa hujjatlar qabul qilinib, xodimlar faoliyatini mazkur hujjatlardagi talablar asosida tashkil qilinishi yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻsimliklar karantini va himoyasi sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning har qanday turini amalga oshirishda informatsion texnologiyalardan foydalangan holda, koʻrsatilayotgan xizmatlarni raqamlashtirish va “inson omili”ni kamaytirish orqali korrupsion holatlarning oldini olishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Misol uchun, oldinlari import qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga import karantin ruxsatnomasi (IKR) importer tomonidan Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga qogʻoz shaklida hujjatlar taqdim qilinganidan keyin murojaat 7-10 ish kunida koʻrib chiqilib, ruxsatnoma berish yoki bermaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilingan. Birgina karantin ruxsatnomasini olish uchun murojaatchi tomonidan 6 turdagi hujjat taqdim qilinishi kerak edi.
Hozirgi kunda esa import karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirish jarayoni toʻliq elektron tizimga E-fito.uz elektron platformasiga oʻtkazilgan boʻlib, bunda tadbirkorlik subyektlaridan faqat elektron ariza bandlarini toʻldirish talab etiladi.Ortiqcha hujjat ilova qilish va agentlikka bevosita kelish ehtiyoji bartaraf etilgan. Mazkur elektron tizim joriy etilishi natijasida, murojaatchi va arizani koʻrib chiqadigan ijrochi xodim oʻrtasidagi bevosita munosabat cheklandi.
Shuningdek, Agentlik tizimi xodimlari tomonidan ehtimoliy korrupsiyaviy holatlarning sodir etilishi yuzasidan xabar berish uchun alohida ishonch telefoni, telegramm-bot tashkil qilingan boʻlib, ularning kechayu-kunduz toʻliq ishlashi taʼminlangan. Bundan tashqari, taklif va shikoyatlar elektron pochta orqali qabul qilinishi ham yoʻlga qoʻyilgan.
Joriy yilning oʻtgan davrida aloqa kanallari orqali korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar yuzasidan 10 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning barchasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqildi hamda aybdor xodimlarga nisbatan tegishli taʼsir choralari qoʻllanildi, 1 ta murojaat boʻyicha toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, 1 nafar xodim maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Bundan tashqari, xodimlar bilan uzluksiz ravishda xizmat vakolatini suistyemol qilmaslik, jamiyat va davlat manfaatlarini yuqori quyish, sadoqat va xizmat burchi toʻgʻrisida yakka tartibda, jamoaviy tarzda muloqotlar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.