Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda huquqiy demokratik davlat barpo etish, inson qadrini ulugʻlash, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi Oʻzbekiston sharoitida sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi yangilanishlar tobora chuqurlashib bormoqda.
Yangilangan Konstitutsiya asosida inson manfaatlarining ustuvorligini taʼminlash, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarning taʼsirchan kafolatlarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ayni paytda “Odil sudlov — 2030” strategiyasida sud-huquq islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, xalqchil, mustaqil va adolatli sud tizimini shakllantirish uchun yangi vazifalar belgilab berildi.
Mustaqillik falsafasi
Oʻttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot Oʻzbekiston uchun davlatchilikni mustahkamlash, jamiyatni yangilash va inson manfaatlarini davlat siyosati markaziga olib chiqish davri boʻldi. Mustaqillikning mazmun-mohiyati, avvalo, insonning oʻz yurtida erkin va munosib yashashi, huquq va erkinliklaridan amalda foydalanishi, qadr-qimmati davlat tomonidan hurmat qilinishi va himoya qilinishida namoyon boʻladi.
Shu maʼnoda, mamlakatimizning 35 yillik taraqqiyot yoʻli bir muhim haqiqatni tasdiqladi: barqaror rivojlanish, inson qadri va jamiyatdagi ishonch qonun ustuvorligi hamda samarali sud himoyasisiz toʻliq taʼminlanmaydi. Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchini roʻyobga chiqarishda esa konstitutsiyaviy nazorat alohida oʻrin tutadi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda mustaqillikning buyuk ahamiyati, eng avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon boʻlishini taʼkidladi. Shuningdek, islohotlarning dastlabki kunlaridan “Inson qadri uchun” gʻoyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi.
Bu yondashuv sud-huquq islohotlarining mazmun-mohiyatini belgilaydi. Zero, islohotlar natijasi nafaqat qabul qilingan hujjatlar yoki institutsional oʻzgarishlar, balki insonning buzilgan huquqini oʻz vaqtida tiklay olishi, xolis sud himoyasidan foydalanishi va davlat organlari faoliyatida qonun ustuvorligini his etishi bilan ham baholanadi.
Aynan shu jihatdan qaraganda, sud-huquq tizimidagi islohotlar yangi Oʻzbekiston taraqqiyot modelining muhim va ajralmas qismi sifatida namoyon boʻladi. Sud hokimiyatining mustaqilligi, shubhasiz, huquqiy davlatning tayanch shartlaridan. Yangi Oʻzbekistonda sud-huquq islohotlari “Inson qadri uchun” tamoyilini huquqiy kafolat va amaliy mexanizmlar bilan taʼminlashga qaratildi. Konstitutsiyaviy sudning vazifasi esa Konstitutsiya ustuvorligini taʼminlash, konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash va oʻz vakolatlari doirasida insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iborat. Shu bois, mamlakatimizda sudni inson huquq va erkinliklarining ishonchli kafolati boʻlgan mustaqil hokimiyat tarmogʻi sifatida mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Sud-huquq tizimining jadal surʼati
Mustaqillik yillarida sud-huquq tizimini mustaqil hokimiyat tarmogʻi sifatida shakllantirish, odil sudlovning huquqiy asoslarini yaratish va konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirish ishlari bosqichma-bosqich bajarildi. Ayni vaqtda taraqqiyotning har bir bosqichi sud mustaqilligi, odil sudlovga erishish imkoniyati va inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishni talab qildi. Xususan, fuqarolarning Konstitutsiyaviy sud orqali oʻz huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirish zarurati saqlanib keldi.
2017-yildan boshlab sud-huquq sohasidagi islohotlar yangi surʼat va mazmun kasb etdi. Ularning markazida sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, sudyalar korpusini shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirish va inson huquqlarining protsessual kafolatlarini kuchaytirish vazifalari turdi.
Ushbu davrda sud tizimining tashkiliy asoslari qayta koʻrib chiqildi. Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, maʼmuriy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi birlashtirildi. Sud hokimiyatini boshqa davlat organlaridan mustaqil ravishda amalga oshirishning institutsional kafolatlari izchil kuchaytirildi.
Konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida ham muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning protsessual asoslarini, Konstitutsiyaviy sud sudyalarining mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini yanada aniq belgilab berdi.
Maʼmuriy sudlarning tashkil etilishi fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari hamda mansabdor shaxslar qarorlari va harakatlari ustidan sud nazoratini kuchaytirishga xizmat qildi. Bu, oʻz navbatida, davlat organlari faoliyatida qonuniylik va masʼuliyat mezonlarining ahamiyatini oshirdi.
Jinoyat protsessida sud nazoratini kengaytirish, shaxsning huquq va erkinliklarini cheklovchi protsessual choralarni qoʻllashda sud kafolatlarini kuchaytirish ham islohotlarning muhim yoʻnalishi boʻldi. Bu choralar inson erkinligi va shaxsiy daxlsizligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlarni amaliy mazmun bilan boyitdi.
Sud amaliyotida oqlov hukmlarining paydo boʻlishi va sud nazorati mexanizmlarining kengayishi ham odil sudlovning inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan mohiyatini kuchaytirdi. Eng muhimi, sud faqat nizoni hal qiluvchi organ emas, balki buzilgan huquqni tiklashning mustaqil huquqiy mexanizmi sifatida namoyon boʻlmoqda.
“Inson qadri uchun” gʻoyasi va masʼuliyat mezonlari
Davlatimiz rahbari mustaqillikning 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda islohotlarning dastlabki kunlaridan xalqning qalbiga quloq solish va aholi muammolarini hal etish ustuvor maqsad boʻlganini, “Inson qadri uchun” gʻoyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqilganini alohida taʼkidladi.
Bu ezgu gʻoya, ayniqsa, sud-huquq sohasida yaqqol namoyon boʻladi. Chunki inson qadrining eng muhim kafolatlaridan biri uning huquqi buzilganida mustaqil va xolis sudga murojaat qilish imkoniyatidir.
Inson qadri tushunchasi, ayniqsa, sud-huquq sohasida juda aniq mazmun kasb etadi: shaxs oʻz huquqi buzilganda samarali himoya vositasiga ega boʻlishi, uning ishi mustaqil va xolis sud tomonidan koʻrib chiqilishi, qabul qilingan qaror esa qonuniy, asoslangan va ijro etiladigan boʻlishi kerak. Shu jihatdan inson qadri sudya faoliyatining ham huquqiy, ham kasbiy mezonidir.
2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquqlarini taʼminlashga oid konstitutsiyaviy kafolatlarni sifat jihatidan kuchaytirdi. Unda inson, uning huquq va erkinliklari davlat va jamiyat hayotining markaziy qadriyati sifatida yanada aniq ifoda etildi.
Konstitutsiyamizning 1-moddasida Oʻzbekiston — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani mustahkamlab qoʻyildi. Huquqiy davlat esa, avvalo, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi, odil sudlov demakdir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson va davlat oʻrtasidagi munosabatlarga muhim huquqiy qoida kiritdi: inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi. Bu prinsip huquqni qoʻllashda inson huquqlari ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Mazkur jarayonning eng muhim xususiyati shundaki, taraqqiyot markaziga davlat emas, balki inson manfaatlari qoʻyildi. Bu esa ilgari amal qilgan “davlat — jamiyat — inson” tamoyili oʻrniga “inson — jamiyat — davlat” degan mutlaqo yangi konstitutsiyaviy formulaning hayotga tatbiq etilishida oʻz ifodasini topdi. Natijada davlatning inson oldidagi majburiyatlari koʻlami kengaydi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi konstitutsiyaviy mexanizmlari mustahkamlandi.
Ushbu oʻzgarishlarning siyosiy-huquqiy ahamiyati shundaki, endi davlat organining qarori fuqaro uchun yakuniy xulosa boʻlmaydi. Davlat organining oʻzi ham sudda qonun mezonlari asosida baholanadigan huquqiy munosabatlar subyektiga aylandi. Bu shunchaki institutsional oʻzgarish emas, balki huquqiy davlatning mohiyatini belgilaydigan fundamental siyosiy masaladir.
Bosh qonunda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilab qoʻyilgani, huquq va erkinliklarni sud orqali himoya qilish kafolatlari kuchaytirilgani, mustaqil va xolis sudda ish koʻrilishi huquqining konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangani sud hokimiyatining jamiyatdagi rolini yanada oshirdi.
Konstitutsiyaning mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi, toʻgʻridan toʻgʻri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi sudlar va barcha davlat organlari uchun prinsipial ahamiyatga ega. Bu Konstitutsiya normalarini inson huquqlarini himoya qilishda bevosita huquqiy mezon sifatida qoʻllash imkoniyatini mustahkamlaydi. Xususan, 133-moddasi fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy shikoyat bilan murojaat qilish huquqini konstitutsiyaviy darajada mustahkamladi.
Unga koʻra, fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, sudda koʻrib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan oʻziga nisbatan qoʻllangan qonunning Konstitusiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida Konstitutsiyaviy sudga shikoyat bilan murojaat qilishga haqli. Bu institut konstitutsiyaviy nazoratni insonning aniq huquqiy manfaati bilan bevosita bogʻlaydi.
Konstitutsiyaviy shikoyat Konstitutsiyaviy sudning umumiy yurisdiksiya sudlari qarorlarini qayta koʻrib chiqishini anglatmaydi. Konstitutsiyaviy sud oʻz vakolati doirasida ishda qoʻllangan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshiradi.
Shu jihatdan konstitutsiyaviy shikoyat bir vaqtning oʻzida inson huquqlarini himoya qilish va qonunchilik sifatini oshirishga xizmat qiladigan muhim konstitutsiyaviy-huquqiy mexanizmdir. Konstitutsiyaviy sud qarorlarida shakllanadigan huquqiy pozitsiyalar qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotida Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini toʻgʻri roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.
Muhim institutsional qadam
Sud mustaqilligi jamiyatning odil sudlovga ishonchini belgilaydigan asosiy konstitutsiyaviy kafolatlardan. Sudya qaror qabul qilishda faqat Konstitutsiya va qonunga tayanishi, har qanday tashqi taʼsirdan xoli boʻlishi shart.
Davlatimiz rahbari sud-huquq islohotlariga bagʻishlangan muloqotlarda sudyalar faoliyatiga aralashuvga yoʻl qoʻymaslik, odil sudlovning mustaqilligini amalda taʼminlash masalasiga doimiy eʼtibor qaratib kelmoqda. Bu talab huquqiy davlatning mazmunidan kelib chiqadi.
Sud mustaqilligi haqida gap ketganda, birinchi navbatda, sudyaning mustaqilligi nazarda tutiladi. Sudyaning mustaqilligi uning masʼuliyatini yanada oshiradi. Mustaqillik va masʼuliyat esa bir-birini toʻldiradi.
Shu maqsadda sudyalar mustaqilligining huquqiy va tashkiliy kafolatlari kuchaytirildi. Sud faoliyatiga qonunga xilof aralashuv uchun javobgarlik belgilandi. Sudyalarni tanlash va tayinlash mexanizmlari takomillashtirildi.
Sudlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish ham odil sudlovning ochiqligi, tezkorligi va qulayligini oshirishga xizmat qilmoqda. Elektron murojaat, ishlarni avtomatik taqsimlash, masofaviy ishtirok va sud axborot tizimlarini rivojlantirish inson omilini kamaytirish va sud xizmatlaridan foydalanishni yengillashtirish imkonini bermoqda.
Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish ham konstitutsiyaviy odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishning muhim yoʻnalishidir. Bu jarayonda murojaatlarni elektron qabul qilish, axborotdan foydalanish imkoniyatini oshirish va sud faoliyatining ochiqligini taʼminlashga alohida ahamiyat berilmoqda.
Prezidentimizning 2025-yil 18-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qonun ustuvorligini mutlaq qadriyat sifatida qaror toptirish, inson qadrini davlat siyosatining markaziga qoʻyish va konstitutsiyaviy adolatni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan muhim institutsional qadam boʻldi.
Farmonning tub mohiyati shundaki, u konstitutsiyaviy odil sudlovni fuqarolarga yanada yaqinlashtirib, murojaat qilish tartibining qulay mexanizmlarini yaratdi. Konstitutsiyaviy sud qarorlarining inson taqdiriga bevosita taʼsirini kuchaytirdi.
Shu maʼnoda, ushbu hujjat ijrosi doirasida Konstitutsiyaviy sud va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni yagona, zamonaviy va xalqchil yondashuv asosida tartibga soladigan yangi konstitutsiyaviy qonun loyihasi tayyorlandi. Bugun mazkur qonun loyihalari Oliy Majlis palatalari muhokamasida.
Odil sudlovning samaradorligi taraflarning protsessual huquqlari real taʼminlanishi bilan ham bogʻliq. Advokatura institutini mustahkamlash, malakali yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va tortishuv prinsipini taʼminlash insonning sud orqali himoyalanish huquqini roʻyobga chiqarishning muhim shartlaridir.
“Odil sudlov – 2030” strategiyasi va konstitutsiyaviy sudlov
Sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini belgilagan muhim hujjatlardan biri Prezidentimizning 2026-yil 14-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan “Odil sudlov — 2030”: Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasidir.
Strategiya sud tizimini 2030-yilga qadar rivojlantirishning oltita ustuvor yoʻnalishini qamrab oldi. Unda 57 vazifa, 2026-2028-yillarga moʻljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir hamda 2030-yilga qadar erishilishi lozim boʻlgan 33 ta maqsad belgilangan.
Mazkur hujjat avvalgi yillardagi sud-huquq islohotlarini izchil davom ettirib, ularni fuqaro uchun odil sudlovning amaldagi natijasi bilan baholashga yoʻnaltirdi.
Strategiyaning markaziy gʻoyasi inson huquqlarini ishonchli himoya qiladigan, xalqchil, adolatli, mustaqil, ochiq va samarali sud tizimini barpo etishdir. Uning oltita ustuni — “xalqchil sud”, “adolat qoʻrgʻoni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari”, “raqamli odil sudlov” va “xalqaro eʼtirof” — sud tizimini rivojlantirishning oʻzaro bogʻliq yoʻnalishlarini belgilab beradi.
Hujjatning muhim ustunlaridan biri — “xalqchil sud” gʻoyasidir. Uning mohiyati fuqaroning sudga ortiqcha ovoragarchiliksiz murojaat qilishi, axborot va raqamli xizmatlardan qulay foydalanishi, sud jarayonining ochiq va tushunarli boʻlishini taʼminlashdadir.
Harakatlar dasturida sudlar faoliyatining ochiqligini oshirish, jamoatchilik bilan muloqotni takomillashtirish, raqamli xizmatlarni kengaytirish va sudga murojaat qilishda byurokratik toʻsiqlarni qisqartirishga qaratilgan choralar nazarda tutilgan.
Bu yerda prinsipial masala shundaki, ochiqlik odil sudlovni taʼminlash va sud mustaqilligining muhim shartidir. Qonun doirasidagi ochiqlik va qarorlarning asoslantirilgani jamoatchilik ishonchini mustahkamlaydi.
Strategiyaga muvofiq, barcha sudda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida taʼminlanishi nazarda tutilgan. Konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida ham fuqarolarning murojaat qilish imkoniyatini qulaylashtirish va raqamli yechimlarni kengaytirish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.
“Adolat qoʻrgʻoni” yoʻnalishi sud hokimiyatining mustaqilligi va xolisligini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Konstitutsiyaviy sud uchun bu, eng avvalo, Konstitutsiya ustuvorligini taʼminlash va konstitutsiyaviy nazoratni oʻz vakolatlari doirasida samarali amalga oshirishni anglatadi.
“Kafolatlangan adolat” insonning buzilgan huquqini oʻz vaqtida va samarali tiklashga qaratilgan protsessual mexanizmlarni takomillashtirishni nazarda tutadi. Sud nazoratini kuchaytirish, “asosli gumon” standartini joriy etish kabi choralar shaxs huquqlarining protsessual kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Adolat posbonlari” yoʻnalishida yuksak kasbiy va maʼnaviy fazilatlarga ega sudyalar korpusini shakllantirish, ularning bilimi va malakasini muntazam oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
“Raqamli odil sudlov” sud ish yurituvini raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar orqali fuqarolar uchun qulay hamda tezkor sud muhokamasi imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi. Konstitutsiyaviy sudda ham raqamli yechimlar, avvalo, konstitutsiyaviy odil sudlovga murojaat qilish imkoniyatini kengaytirish va sud faoliyati haqidagi axborotning ochiqligini oshirishga xizmat qiladi.
“Xalqaro eʼtirof” yoʻnalishi inson huquqlari sohasidagi ilgʻor xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish va sudyalar hamjamiyatining xalqaro hamkorligini faollashtirishni nazarda tutadi. Konstitutsiyaviy sudlar oʻrtasidagi professional muloqot ham huquqiy tajriba almashish va konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Pirovard maqsad fuqaroda sudga murojaat qilganda uning huquqi qonun asosida xolis va oʻz vaqtida himoya qilinishiga barqaror ishonchni shakllantirishdir.
Barqarorlik kafolati
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda “Kelgusi oʻn yillik biz uchun milliy yuksalish davri boʻladi”, deya taʼkidlab, inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan yettita milliy dastur amalga oshirilishini maʼlum qildi. Ularning beshinchisi sud mustaqilligini taʼminlash va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishga qaratilgan.
Bu vazifa sud mustaqilligi va qonun ustuvorligi faqat sud tizimining ichki masalasi emasligini koʻrsatadi. Qonun ustuvorligi huquqiy aniqlikni, huquqiy aniqlik esa fuqarolar va tadbirkorlarning davlat institutlariga ishonchini taʼminlaydi. Bunday ishonch barqaror taraqqiyotning muhim shartidir.
“Odil sudlov — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar barcha sudlar qatori Konstitutsiyaviy sud zimmasiga ham oʻz vakolatlari doirasida konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash, inson huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlarini taʼminlash va konstitutsiyaviy odil sudlov samaradorligini oshirish boʻyicha katta masʼuliyat yuklaydi.
Konstitutsiyaviy sud oʻz faoliyatida Konstitutsiya ustuvorligini taʼminlash, vakolatiga kiruvchi normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish, konstitutsiyaviy shikoyatlarni qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqish va oʻz huquqiy pozitsiyasi orqali konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Oʻttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot, ayniqsa, soʻnggi oʻn yilda Prezidentimiz rahbarligidagi shiddatli va keng koʻlamli islohotlar yangi Oʻzbekistonni yangi sifat bosqichiga olib chiqdi. Inson qadrini ulugʻlash, ochiq va pragmatik tashqi siyosat, barcha sohalar qatori sud-huquq tizimidagi tub yangilanishlar mamlakatimiz taraqqiyotining yangi qiyofasini belgiladi.
Bugun bu yoʻlning mustahkam huquqiy tayanchi — Konstitutsiya va qonun ustuvorligi, mustaqil sud va taʼsirchan konstitutsiyaviy nazorat. Zero, yangi Oʻzbekistonda islohotlarning bosh mezoni ham, oliy maqsadi ham inson qadri va adolatdir.
Oxirgi 10 yillik shiddatli taraqqiyot va izchil islohotlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, adolat, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi jamiyatda ishonch hamda barqarorlikning mustahkam huquqiy asosini barpo etadi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining galdagi bosqichida ham mustaqil va xolis sud, samarali sud himoyasi hamda taʼsirchan konstitutsiyaviy nazorat inson qadrini taʼminlash va huquqiy davlatni rivojlantirishning muhim kafolatlari boʻlib qoladi.
Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV,
Konstitutsiyaviy sud raisi,
Oʻzbekistonda xizmat
koʻrsatgan yurist