Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi “Inson qadri uchun 100 ta maqsad”ni oʻz ichiga olgan. Shundan 11 tasi bevosita tibbiyot sohasiga daxldor. Strategiyada tibbiyot tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholiga yanada yaqinlashtirish, bir soʻz bilan aytganda, xalqimizni rozi qilish bosh mezon etib belgilandi.

Sohaga doir maqsadlar birlamchi tizimda aholiga malakali xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ixtisoslashgan tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirishni koʻzda tutadi

Zimmamizdagi vazifalarning eng birinchisi — birlamchi tizimning aholi salomatligini yaxshilashdagi oʻrnini oshirish, mahallabay ishni tashkil qilgan holda, xonadonlardagi 40 yosh va undan kattalar orasida saraton, boʻqoq, qandli diabet, yuqori qon bosimi, insult, infarkt kabi kasalliklarga chalinganlarning maqsadli diagnostikasini oʻtkazishni nazarda tutadi.

Tibbiyot xodimlariga kasalliklarni erta aniqlab, tizimli davolashni yoʻlga qoʻyish topshirigʻi berilgan. Bu avvalgi yilga nisbatan uch barobar koʻp. Albatta, kelgusi besh yil davomida oilaviy shifoxona va poliklinikalar soni ham oshadi.

Oldimizga qoʻyilayotgan yana bir asosiy vazifa sogʻlom zurriyodlarning dunyoga kelishini taʼminlash hamda onalar salomatligini saqlashdir. Shu maqsadda mamlakatimiz boʻyicha 46 ta maxsus tumanlararo perinatal markaz faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bola tugʻilganidan keyin, ayniqsa, bir-ikki oy orasida uni sogʻlomlashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bolalar shifoxonalarining sonini oshirish, poliklinikalarda pediatrlarni maxsus oʻqitish va ularning sonini koʻpaytirishni koʻzda tutganmiz.

Keyin belgilab berilgan yoʻnalish transplantatsiya amaliyotidir. Hozir yurtimizda ogʻir jarrohlik yoʻli bilan buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda. 2021-yilning oʻzida 230 ta shunday amaliyot oʻtkazildi. Ammo ulardan faqat 30 tasi hududlarda — toʻrtta viloyatda amalga oshirildi. Qolgani esa Toshkentdagi ixtisoslashtirilgan markazlarda qilindi.

Prezidentimizning sogʻliqni saqlash tizimi oldiga qoʻygan asosiy talablaridan biri ham shu kabi ogʻir, murakkab, yuqori texnologik operatsiyalarni hududlarda, birinchi navbatda, viloyatlarda, keyin esa tumanlarda, yetakchi mutaxassislarni jalb etgan holda

amalga oshirish masalasi qoʻyildi. Biz xorijda va respublika markazida faoliyat olib borayotgan malakali mutaxassislarni joylarga tizimli ravishda yuborgan holda, aholiga hududlarning oʻzida sifatli tibbiy yordam koʻrsatishni yoʻlga qoʻyamiz.

Birgina shu maqsadning oʻziga joriy yil davlat byudjetidan birinchi marta 600 milliard soʻm mablagʻ ajratildi va hisob-kitoblarga qaraganda, tibbiy xizmatga muhtoj boʻlgan 100 mingdan ortiq yurtdoshimizga tibbiy yordam koʻrsatish imkoni yaratiladi. Belgilangan strategiyada aholiga sifatli diagnostika xizmati koʻrsatish, shu maqsadda Toshkent shahri, Toshkent viloyatining barcha tumanlarida, qolaversa, respublikaning ikkitadan tumanida eng zamonaviy laboratoriya tizimini tashkil qilish va bu maqsadga autsorsing tizimini joriy qilish masalasi belgilab berildi.

Shuningdek, strategiyada tibbiy sugʻurta tizimini joriy qilish belgilab berilgan. Hozir bu tajriba-sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida amaliyotga tatbiq etilmoqda. 2023-yildan boshlab tibbiyot sugʻurtasini mamlakatimizning boshqa hududlarida ham joriy qilish eng katta vazifalardan biridir. Oldimizda turgan yana bir katta yoʻnalish — homilador va emizikli onalarni yod mahsulotlariga boy boʻlgan preparatlar bilan taʼminlash. Ushbu maqsadda ham byudjetdan alohida mablagʻlar koʻzda tutilgan. Onkologiya, gematologiya, kardiologiya, endokrinologiya kabi kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlarni bepul dori vositalari bilan taʼminlash uchun dastur tayyorlab, har biriga alohida mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda. Tibbiyot sohasida strategiya bilan belgilab berilayotgan vazifalar, avvalo, har bir insonning qadri, manfaati, sogʻligʻiga qaratilgan eʼtibordir. Bu bizning zimmamizga ham katta masʼuliyat yuklaydi.