Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida mintaqaviy va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, izchil taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlariga rioya etishni qoʻllab-quvvatlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Prezident taklif etgan tashabbuslardan biri global miqyosdagi muammolarni hal etishga qaratilgan muhim xalqaro huquqiy hujjatga oid boʻlib, “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini oshirish toʻgʻrisida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi”ni qabul qilishni nazarda tutadi.

Eʼtiborlisi, bu va boshqa ilgʻor gʻoyalar Oʻzbekistonning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi islohotlari va izchil amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasining eng muhim yoʻnalishlari ifodasi boʻlib, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq mos keladi.

Maʼlumki, 2015-yilda BMTga aʼzo davlatlar 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish dasturini qabul qilgan. Oʻzbekistonda ham Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha Milliy maqsad va vazifalar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda.

Barqaror rivojlanish maqsadlari – bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining dunyoda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni har tomonlama yaxshilash orqali butun insoniyatning hayot tarzini yaxshilash va turmush farovonligini oshirishga, adolatli va barqaror jamiyat qurishga qaratilgan global chaqirigʻidir.

Buxoroda boshlangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik masalalariga bagʻishlangan xalqaro forum va unda BMT rasmiylari, Yevropa parlamenti, Xitoy Xalq Respublikasi, Malayziya, Indoneziya, Latviya, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Qirgʻiziston parlamentlari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari hamda vakillarining faol ishtiroki uning yuksak saviyasi va salohiyatidan darakdir.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning eng muhim shartlaridan biri – bu keng qamrovli hamkorlikni samarali yoʻlga qoʻyishdir.

Global pandemiya tufayli dunyo mamlakatlarida nafaqat sogʻliqni saqlash tizimlari, balki iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarda inqirozli vaziyat yuzaga kelganligi munosabati bilan pandemiyadan keyingi tiklanish va barqaror rivojlanishda faol xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan har bir vazifa tahlili shuni koʻrsatadiki, ularni hal etish uchun faqatgina davlat institutlarining salohiyatidan foydalanish bilan cheklanib qolmasdan, jamiyatimizdagi barcha institutlarning saʼy-harakatlarini safarbar etish talab etiladi. Bunda davlat organlari bilan bir qatorda, biznes subyektlari hamda fuqarolik jamiyati vakillarining ishtiroki ham muhim oʻrin tutadi.

Fikrimizcha, davlat hokimiyatining vakillik organlari faoliyatini bu sohaga yoʻnaltirish eng toʻgʻri yechimlardan biridir. Zero, parlamentlar bu borada barcha zarur tashkiliy va nazorat vositalariga ega.

Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish doirasida oʻz zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni aniq va toʻliq bajarib kelmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu jarayondagi yetakchilik roli, uning mazkur sohadagi davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirish jarayoniga shaxsan boshchilik qilib, faol ishtirok etayotganligi bu borada koʻrilayotgan choralar samaradorligini va taʼsirchanligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Qayd etish kerakki, 2030-yilgacha boʻlgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish Milliy maqsad va vazifalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qilgan. Mazkur qaror doirasida 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish uchun 16 ta milliy maqsad va 125 ta vazifani hukumat zimmasiga olgan. Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilib, “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining markaziga iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, shuningdek, ijtimoiy rivojlanish va inson salohiyati qoʻyilgan. Ushbu sohalarning barchasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga sezilarli darajada yaqin va mos keladi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida katta tajriba orttirdi. Oʻylaymanki, bu tajribaning boshqa mamlakatlar tomonidan oʻrganilishi va tahlil qilinishi foydadan holi boʻlmaydi.

Birgina misol, Oʻzbekistonda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand qatlamlarini hisobga olishning noyob tizimi joriy etildi. Qoʻllab-quvvatlashga muhtoj ayollar va yoshlar yashaydigan kam taʼminlangan oilalarning nomma-nom hisobini yuritish, ularning ehtiyojlariga davlat tomonidan eʼtibor qaratish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Ehtiyojmand aholini aniq yoʻnaltirilgan holda qoʻllab-quvvatlash uchun yangi, yana-da takomillashgan shart-sharoitlar yaratildi.

Bu, oʻz navbatida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarining birinchi yoʻnalishidagi, yaʼni kambagʻallikning barcha shakllarini bartaraf etish kabi vazifalarni bajarish uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda. Xususan, 2030-yilga qadar kambagʻallikni 2 baravar kamaytirish va oʻta qashshoqlikni tugatish, aholining eng kam taʼminlangan 40 foizi daromadlarining oʻsishini mamlakat boʻyicha belgilangan oʻrtacha darajadan yuqori darajada qoʻllab-quvvatlash vazifasi belgilangan.

Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlari sakkizinchi yoʻnalishining bajarilishi doirasida samarali bandlikni taʼminlash, barcha uchun munosib ish oʻrinlarini yaratish orqali barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu oʻrinda aytish kerakki, Hukumat tomonidan sogʻliqni saqlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilganligi, koronavirus pandemiyasiga qadar sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar bizga virusli infeksiyaning global tarzda tarqalib ketishining salbiy taʼsirini jiddiy ravishda kamaytirish imkonini berdi. Shuningdek, nafaqat shaharlarda yashayotgan, balki mamlakatimizning barcha hududlaridagi fuqarolarning zamonaviy tibbiy xizmatlardan keng foydalanish imkoniyatini taʼminladi.

Bu borada parlamentimiz tomonidan ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis palatalari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish, shuningdek, har bir insonning manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan siyosatni amalga oshirish maqsadida Parlament komissiyasi tuzildi.

Oʻylaymizki, Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning milliy rejasini muvaffaqiyatli bajarish orqali insoniyatning yaqin va uzoq istiqboldagi barqaror taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratish borasidagi jahon hamjamiyatining saʼy-harakatlariga muhim hissa qoʻshadi.

Bugun barchamiz 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanishning milliy maqsad va vazifalariga erishishda parlamentlarning, davlat organlarining va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy harakatlarini birlashtirish har qachongidan koʻra muhim vazifa ekanligini yaxshi bilamiz.

Forumning nufuzli ishtirokchilari, xalqaro ekspertlar bilan birga Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish boʻyicha barcha manfaatdor taraflarning oʻzaro hamfikrligini aks ettiradigan hujjatni qabul qilamiz.

Oʻzbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli sheriklikni, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va parlamentlararo tashkilotlar bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyor!

Ishonamizki, Buxoroda oʻtkazilayotgan ushbu anjuman ishi samarali boʻlib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga munosib hissa qoʻshadi.

Nurdinjon ISMOILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri