Toshkent shahri, Chilonzor tumanida yashovchi 21 yoshli fuqaro A.Sh. ariza bilan murojaat qilib, “Instagram” ijtimoiy tarmogʻida “Maqsudjon” ismli shaxs bank kartasidagi 1.220.000 soʻm pullari firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Fargʻona viloyati, Dangʻara tumanida yashovchi 15 yoshli M.A. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan M.A., “Instagram” ijtimoiy tarmogʻi orqali A.Sh. bilan tanishib, uning mahsulotlarini reklama qilib berishga kelishib, oldindan reklama uchun 1.220,000 soʻm pullarini bank kartasiga oʻtkazdirib olib, soʻng vaʼdasini bajarmasdan, yozishmalarni oʻchirib yuborganligi maʼlum boʻldi.
Kiberxavfsizlik markazining xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, M.A.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.