Yaqin tanishim har gal koʻrishganimizda UzQuiz degan intellektual oʻyinda jamoa tuzib qatnashish taklifini berardi. Oʻksimasin deymizmi, biz ham har gal rozilik bildirishdan charchamasdik. Oʻzimizcha bu oʻyinlar bekorchilikdan boshqa narsa emas deb oʻylagandirmiz-da. Biroq UzQuiz faoliyati bilan yaqindan tanishib, bir qancha oʻyinlarini tomosha qilib, amin boʻldimki, bu oʻyin shunchaki bekorchilar mashgʻuloti emas ekan.
UzQuiz oʻyinlari 2021-yildan oʻtkazila boshlangan. U qisqa vaqt ichida koʻpchilikning sevimli mashgʻulotiga aylanib ulgurdi. Bugun bu aql bahslarida minglab odamlar qatnashadi. Xoʻsh, nima sababdan bu oʻyinlar bunchalik tez ommalashdi?
Eng avvalo, inson tabiatan aqlan charxlanishga ehtiyoj sezadi. Biror muammo yechimini topish ruhiyatimizga ragʻbat hissini beradi. Bolaligimizda yoshi kattalar bizni sinab koʻrish maqsadida savol bersa, birinchi javob topganimiz “qahramon” sanalardik, oʻzimizni boshqalarga qaraganda donoroq his etardik. Biroq ulgʻayib, oʻzimiz ham kattalarga aylanamiz, endi bizga savol ham berishmaydi. Vaholanki, bolalikdagi bu ehtiyoj tafakkurimizni uzoq yillar tark etmaydi. Ayni intellektual oʻyinlar esa koʻpchilik uchun qaysidir maʼnoda bolaligini qaytarib bera oldi.
Ikkinchidan, intellektual oʻyinlar jamoaviy ruhni shakllantirish, jamoa bilan ishlash koʻnikmasini oshirishda koʻmak boʻladi. Bir haqiqat bor, maqsad sari yolgʻiz harakat qilishdan koʻra unga birgalikda intilishning zavqi oʻzgacha. Shu tufayli koʻplab tashkilotlar bu intellektual oʻyinlar rivojini qoʻllab-quvvatladi, ularning muntazam tashkil qilinishiga hissa qoʻshdi.
Yaxshi eslayman, boshlangʻich sinfda oʻqib yurgan paytlarimda dam olish kunlarini intiq boʻlib kutardim. Sababi aynan dam olish kunlari televideniye orqali “Zakovat” koʻrsatuvining yangi soni efirga uzatilardi. Toʻgʻrisi, men uchun nihoyatda murakkab tuyulgan savollarga oʻyinchilar javob topa olishidan hayratlanardim. Bu ayni javoblar xayolimning bir uchiga ham kelmaganidan boʻlsa kerak. Oʻshanda bunday zukkolikning asosiy omili oʻyinchilarning nihoyatda koʻp kitob oʻqigani deb oʻylagan boʻlsam, bugun bunga asosiy sabab hamjihatlikda ekan, degan xulosaga kelaman.
Aynan “Zakovat” oʻyini ilm-maʼrifatga qiziqqanlar uchun bugun tobora ommalashayotgan motivatsiya tushunchasi oʻchogʻi edi. Maktabda oʻqib yurganimizda shu oʻyindan ilhomlanib, biz ham sinflararo shunday bellashuv tashkil qilganmiz. Bellashuvga chamasi bir oycha tayyorlanganmiz. Nima boʻlganda ham sinfimiz gʻolib chiqishi kerak! Guruh sardori sifatida gʻoliblik uchun men koʻproq harakat qilishim lozim deb oʻylardim.
Ota-onam maktabda ishlatasan deb bergan pullarni yigʻib, kunora maktab yaqinidagi internet kafega borardim. U yerda “Zakovat”ning eski sonlarini topib koʻrib, noodatiy savollarni yozib olardim. Ertasiga sinfimizdan tuzilgan jamoaga shu savollarni berib, tayyorgarlik koʻrardik. Tayyorgarliklar samarasi oʻlaroq, sinfimiz bu bellashuvlarda toʻrtta tengdosh jamoa orasida gʻolib boʻldi. Oʻsha gʻoliblik hayajoni haligacha yodimizda.
Shu oʻyinlar sabab boʻlibmi, menda hamjihatlik degan tushunchaga hurmat uygʻondi. Darvoqe, hamjihatlikda gap koʻp. Ayniqsa, biror maqsadga erishishda uning ahamiyati nihoyatda yuqori. Xalqimiz bejiz “Yolgʻiz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dongʻi chiqmas”, demaydi.
Intellektual oʻyinlar yana nimasi bilan ahamiyatli? Eʼtibor bersangiz, tortinchoq tabiatli yurtdoshlarimiz koʻp. Bu gen orqali oʻtadimi yoki tarbiya sababmi, alohida masala. Biroq tortinchoqlik hayotimizda koʻp qiyinchiliklarni paydo qilishi mumkin. Ana shu asosiy muammo. Aksariyatimiz jamoatchilik orasidagi bahs-munozaralarda fikr bildirishga, fikrimiz boʻlsa-da, uni ifodalashga qiynalamiz. Xuddi hozir xato gapirib qoʻyamiz-u, hamma ustimizdan kuladigandek. Aslida, unday emas. Bahs-munozara madaniyatida xato gapirib qoʻyish mumkin emas degan qoida yoʻq. Buni bilsak-da, aksariyatimizdagi qoʻrquv yillar davomida yashayveradi. Intellektual oʻyinlar esa bizga mana shu “odat”imizdan qutulishga yordam berishi mumkin.
Internetdagi maʼlumotlarga koʻra, dunyoning nufuzli notiqlik maktablari oʻz mashgʻulotlarida aynan intellektual, jamoaviy oʻyinlarga alohida eʼtibor qaratadi.
Shuningdek, intellektual oʻyinlar tafakkurimizda strategik fikrlash va tahlil qobiliyatini yaxshi rivojlantiradi. Tezlashib borayotgan zamonda vaqt tushunchasi tobora nisbiylashib ketyapti. Yaʼni bir xil ijtimoiy sharoitda yashagani holda, kimlarningdir vaqti bemalol, kimlardadir esa u nihoyatda tanqis. Bu oʻz-oʻzidan uni taqsimot qilish ehtiyojini yaratadi. Shu ishni qilsam, bir yildan keyin nima boʻladi, 5 yildan keyin nima boʻladi, 10 yildan keyin-chi?.. Bugun shu kabi savollar har birimizda boʻlishi kerak. Unga javob topish esa kishidan strategik fikrlash qobiliyatini talab etadi. Intellektual oʻyinlar ushbu jihati bilan ham ahamiyatli.
Yon-atrofimizga nazar solsak, imkoniyatlarning son-sanogʻi yoʻq. Lekin ulardan foydalanishga nimadir toʻsiqdek, bu “nimadir” oʻzimizga boʻlgan ishonchning yetishmasligi. Eʼtibor berganmisiz, tevaragimizda yutuqlarga erishgan insonlarning ishonchi balanddek koʻrinadi. Darhaqiqat, muvaffaqiyat kishida ishonchni mustahkamlaydi.
Agar biz oʻzimizda ishonchni mustahkamlamoqchi ekanmiz, bu borada intellektual oʻyinlar katta yordam beradi. Ayniqsa, ota-onalar tarbiya jarayonida intellektual oʻyinlarning taʼsir kuchidan samarali foydalansa, farzandlar oʻziga ishonuvchan boʻlib voyaga yetadi, muvaffaqiyatga moyilligi kuchayadi.
Zamonning tezkorlashuvi oʻz-oʻzidan stress va xavotirlarni keltirib chiqaradi. Bunday vaziyatdan chiqish, uning bosimidan xalos boʻlish uchun har kim turlicha yondashadi. Tadqiqotlarga koʻra, bugungi kunda psixotrop dori isteʼmoliga oʻrganib qolgan yoshlarning aksariyati bu illatga ruju qoʻyishiga aynan stresslarni unutishni sabab qilib koʻrsatadi. Lekin bu illatlarning oxiri bormi? Olimlar fikricha, miya ishlash foizi qancha katta boʻlsa, insonda stress shuncha kamayadi. Bunday vaziyatda ham intellektual oʻyinlar yordam bera oladi.
Ijtimoiy aloqalar inson hayotida nihoyatda muhim. Biz atrof-muhitni yaxshiroq anglashimiz uchun oila aʼzolarimizdan tashqari koʻplab tanishlarimiz boʻlishi kerak. Lekin tanish-bilishni qanday topish mumkin? Kamiga bizga aqlli, ishbilarmon tanishlar kerak boʻlsa! Shubhasiz, biz bunday tanishlarni tungi klublardan yoki bozorlardan izlamaymiz. Aynan intellektual oʻyinlar atrofimizga shunday insonlarni toʻplashimizga yordam beradi. Shu jihati bilan ham ular tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









