Internet xizmatlari tariflari 29 foizga arzonlashtirildi: 1 Mbit/s — 40 ming soʻm

    Raqamlashtirish 9 Yanvar 2021 1828

    Bu haqda AOKAdagi brifingda AKT vaziri Shuhrat Sodiqov maʼlum qildi:

    «Mavjud texnik quvvatlarimizni keskin oshirish hisobiga oʻtgan yil dekabr oyidan aloqa kanallari ijarasi tariflari 2 barobarga, oʻtgan yil davomida internet xizmatlari tariflari esa 29 foizga arzonlashtirilishiga erishildi.

    Ijtimoiy soha obyektlariga, jumladan, 8 095 ta xalq taʼlimi, 5 440 ta maktabgacha taʼlim va 3 207 ta sogʻliqni saqlash muassasalarigacha jami 14 ming km optik tolali aloqa liniyalari tashkil etildi va yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulanish imkoniyati yaratildi.

    2020-yilning toʻrtinchi choragida respublikamiz boʻyicha 14 ta, yaʼni har bir hududda bittadan tayanch IT-maktablari tashkil etildi va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi.

    “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 120 mingdan ziyod oʻquvchi jalb qilindi, ulardan 18 ming nafardan ortigʻi kurslarni muvaffaqiyatli tugatdi».

    «Har bir hududda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etish orqali aholini, ayniqsa yoshlarimizni dasturlash sirlari, veb-saytlar va mobil ilovalar yaratish boʻyicha bilimlarni oshirish yoʻlga qoʻyildi.

    Shu maqsadda oʻtgan yili IT-parkning 5 ta filiali faoliyati yoʻlga qoʻyildi (Andijon, Fargʻona, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand), ularda 400 dan ziyod korxona faoliyat boshladi.

    Qisqa vaqt mobaynida ular tomonidan 900 dan ortiq dasturiy taʼminot mahsulotlari ishlab chiqildi.

    Shuningdek, 5 ta muhim tashabbus doirasida respublika boʻyicha 107 ta Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi foydalanishga topshirildi va 200 dan ortiq yangi ish oʻrni tashkil etildi».