Investitsiya dasturlari monitoringi onlayn amalga oshiriladi

    Investitsiyalar 18 Yanvar 2023 1331

    Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish tizimini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 16-son qarori qabul qilindi.

    Endilikda investdastur monitoringi avtomatlashtirilgan onlayn-tizim orqali amalga oshiriladi.

    Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanyapti.

    Uch yillik investitsiya dasturini shakllantirish quyidagi 6 ta bosqichdan iborat:

    I bosqich – 1-avgustga qadar investdasturning dastlabki roʻyxati shakllanadi;

    II bosqich – 10-avgustga qadar shakllangan roʻyxat Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

    III bosqich – 25-avgustga qadar Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalari loyihani kelishadi;

    IV bosqich – 25-oktyabrga qadar vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqib, kelishadi;

    V bosqich – 10-noyabrga qadar yakuniy loyiha Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

    VI bosqich – 1-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasi loyihani Prezident Administratsiyasiga kiritadi.

    Investdasturni monitoring qilishning quyidagi tartibi oʻrnatilyapti:

    - loyiha tashabbuskorlari har oyning 5 sanasiga qadar uning ijrosi boʻyicha maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritadi;

    - Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi har oyning 10 sanasiga qadar maʼlumotni Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi, deb xabar beradi “Norma”.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 16-yanvardan kuchga kirdi.