Endilikda investdastur monitoringi avtomatlashtirilgan onlayn-tizim orqali amalga oshiriladi.

Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanyapti.

Uch yillik investitsiya dasturini shakllantirish quyidagi 6 ta bosqichdan iborat:

I bosqich – 1-avgustga qadar investdasturning dastlabki roʻyxati shakllanadi;

II bosqich – 10-avgustga qadar shakllangan roʻyxat Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

III bosqich – 25-avgustga qadar Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalari loyihani kelishadi;

IV bosqich – 25-oktyabrga qadar vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqib, kelishadi;

V bosqich – 10-noyabrga qadar yakuniy loyiha Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

VI bosqich – 1-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasi loyihani Prezident Administratsiyasiga kiritadi.

Investdasturni monitoring qilishning quyidagi tartibi oʻrnatilyapti:

- loyiha tashabbuskorlari har oyning 5 sanasiga qadar uning ijrosi boʻyicha maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritadi;

- Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi har oyning 10 sanasiga qadar maʼlumotni Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi, deb xabar beradi “Norma”.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 16-yanvardan kuchga kirdi.