Bugun elektr energiyasisiz farovon hayot ham, rivojlangan iqtisodiyot ham boʻlmasligi kundek ravshan. Shu bois, mamlakatimizda uzoq yillardan buyon elektr taʼminoti sohasida yigʻilib qolgan muammolarga tezkorlik bilan yechim topish, xalqni rozi qilish, iqtisodiyotimizni tezkor taraqqiy ettirish maqsadida hozir soha ulkan oʻzgarishlarga yuz tutmoqda.

Soʻnggi paytlarda elektr energiyasi ishlab chiqarishda ekologik xavfsiz va toza manbalarga oʻtilayotganiga qaramay, jahonning koʻplab mamlakatlari, jumladan, yurtimizda ham sohaning eng “ogʻir yuki” issiqlik elektr stansiyalari zimmasida turibdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan jami elektr energiyasining 85 foizdan ortigʻi aynan ular hissasiga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi “Fargʻona IEM hududida va Fargʻona shahar qozonxonasi RK-3 da yuqori samarali kogeneratsion gaz trubina qurilmalari texnologiyasini tatbiq etish choralari toʻgʻrisida”gi qarori elektr energiyasi ishlab chiqarishning zamonaviy va samarador texnologiyalarini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish, yoqilgʻi-energetika resurslarini ratsional ishlatish, hududning sanoat salohiyatini yuksaltirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishda muhim rol oʻynaydi.

Mazkur loyiha Fargʻona vodiysining elektr energiyasi, ayniqsa, Fargʻona shahrida joylashgan sanoat korxonalarining issiqlik energiyasiga boʻlgan talabani qondirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ana shu maqsadda 2019-yilning dekabr oyida loyiha doirasida Fargʻona shahrida 7 MVt quvvatli gaz turbina muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Bugungi kunda bu yerda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi milliy elektr tizimiga va issiqlik energiyasi Fargʻona shahrining Abdulla Qodiriy dahasida joylashgan 3 ming 850 ta xonadonli koʻp qavatli 77 ta uyga uzluksiz yetkazib berilmoqda.

Bu yerda yiliga qoʻshimcha 58400,0 ming kVt/soat elektr energiyasi tarmoqqa uzatilmoqda. Isteʼmolchilar 63400,0 Gkal issiqlik energiyasidan bahramand boʻlmoqda. Mazkur ishlar elektr energiyasi va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish uchun sarflanayotgan shartli yoqilgʻi sarfi kamayishiga olib keldi.

Shu kunlarda “Fargʻona issiqlik elektr markazi” AJ hududida 17 MVtli ikkinchi gaz turbina qurilmasi qurilishi ham nihoyasiga yetkazildi.

– Yangi qurilma oʻta tejamkor texnologiyaga asoslangan boʻlib, yuqori samaradordir, – deydi Fargʻona IEM direktori Farhod Abdurahmonov. – Ushbu investitsion loyihani yuqori uyushqoqlik bilan amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Yangi qurilmani tez fursatlarda, yaʼni yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish qish mavsumida Fargʻona vodiysi aholisini qoʻshimcha elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Har bir MVt elektr va issiqlik ishlab chiqarishda 50 foiz tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Loyiha Fargʻona vodiysi hududida ishlab chiqarish quvvatlarining oshishi va barqaror ishlashiga imkon beradi. Korxonada har yili qoʻshimcha 197,24 million kVt/soat elektr energiyasi, 214,5 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Asosiysi, 3,2 million kub metr gaz iqtisod qilinadi. Shu bilan birga, bu yerda 125 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Ayni paytda yurtimizda mavjud jami elektr stansiyalarining oʻrnatilgan quvvati 13 ming 565 MVt/soatni tashkil qiladi. Ayni kunda ishlab chiqarish ehtiyojidan kelib chiqib 11 ming 711 MVt/soat atrofida elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarori asosida Fargʻonada amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 83,6 million AQSH dollari boʻlib, shundan 49,5 millioni Yaponiyaning grant mablagʻlari, qolgan 34,1 millioni esa “Fargʻona IEM” AJning oʻz mablagʻlari hisoblanadi.