Investitsiya va eksport sohalaridagi ishlar natijadorligi tahlil qilindi

    Hukumat 24 Iyun 2021 7096

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-iyun kuni investitsiya va eksport sohalaridagi ishlar natijadorligi, yil yakunigacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

    Mamlakatimizda iqtisodiyot va infratuzilmani rivojlantirish, dolzarb loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida faol investitsiyaviy siyosat olib borilmoqda. 2017 yildan boshlab barcha manbalar hisobidan 716 trillion so‘m (83 milliard dollar) yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Shundan qariyb 27 milliard dollarini xorijdan jalb qilingan mablag‘lar tashkil etadi.

    O‘zlashtirilgan investitsiyalarning deyarli 65 foizi sanoat va infratuzilma loyihalariga to‘g‘ri keladi. Natijada, so‘nggi 4 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi esa 1,3 baravarga o‘sgan.

    Ushbu davrda 441 trillion so‘mlik 47 mingdan ziyod yirik, o‘rta va kichik loyihalar ishga tushirilib, 680 mingdan ortiq doimiy yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

    Shuningdek, so‘nggi 4 yilda mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va servis sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 100 trillion so‘m investitsiya yo‘naltirilgan.

    Yig‘ilishda investitsiyalarning natijadorligi chuqur tahlil qilindi.

    – Olib kelingan har bir dollar xalqimizga, hududlar va tarmoqlarga o‘zining ijobiy natijasini berishi kerak. Agar tumanlarda vaziyat o‘zgarganda edi, qancha ish o‘rni, qancha eksport bo‘lgan bo‘lardi. Investitsiya va eksport bilan shug‘ullanmagan hokimlarning kelajagi yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Tahlillarga ko‘ra, ajratilgan har bir milliard so‘m evaziga Namanganda 12 ta, Andijonda 11 ta, Navoiy va Sirdaryoda 8-9 tadan yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu ko‘rsatkich Buxoro, Samarqand va Xorazmda 6-7 ta, Qashqadaryo va Farg‘onada 5 taga to‘g‘ri kelgan. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida esa atigi 3-4 tani tashkil etgan.

    Yoki yana bir tahlil: Toshkent viloyatiga so‘nggi 4 yilda yo‘naltirilgan 950 million dollar xorijiy investitsiya va bank kreditlari hisobiga atigi 40 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ya’ni bir ish o‘rni 24 ming dollarga to‘g‘ri kelmoqda. Vaholanki, Namangan viloyatida 2 baravar kam mablag‘ sarflanib, 52 mingta ish o‘rni ochilgan.

    Shuningdek, 2 mingdan ziyod korxona past quvvatda ishlayotgani, ayrim tumanlarda ishlab chiqarish hajmi kamaygani qayd etib o‘tildi.

    Prezidentimiz tarmoq va hudud rahbarlarining asosiy vazifasi investitsiyaviy faollikni kuchaytirish bilan birga, ularning samaradorligini oshirish bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga, har bir tuman va shaharda sanoat bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlarni aniqlab, manzilli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

    Masalan, hamma joyda mebellarga talab, ularni tayyorlashga sharoit bor. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 21 iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori bu soha uchun imkoniyatlarni kengaytirdi. Nukus, Andijon, Oltinko‘l, Romitan, Qarshi, Karmana, Pastdarg‘om, Uzun, Bag‘dod, O‘rta Chirchiq va Xonqa tumanlari, Jizzax, Qarshi, Namangan va Yangiyer shaharlari mebelsozlikka moslashtirildi. Ularda mebelsozlikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 200 million dollarlik 450 ta loyiha joylashtiriladi va kamida 7,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

    Bundan tashqari, yurtimizdagi 5 mingdan ziyod mebel korxonasidan 1 ming 500 tasi xonadonlarda joylashgan. Endi ularni sanoatlashtirish, mahsulotlarni va ish o‘rinlarini yanada ko‘paytirish mumkin.

    Bunday ishlarni charm-poyabzal, elektr texnikasi, to‘qimachilik, farmatsevtika, zargarlik, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati sohalarida ham amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Joriy yilda charm-poyabzal sanoatida 202 million dollarlik 112 ta loyiha, elektr texnikasi tarmog‘ida 140 million dollarlik 45 ta loyiha, farmatsevtika yo‘nalishida 146 million dollarlik 36 ta loyihani o‘z vaqtida ishga tushirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

    Yig‘ilishda bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Oxirgi yillarda 11 mingta shunday korxona faoliyati tiklangani aytib o‘tildi.

    Jumladan, sobiq “Andijon Mash” korxonasi negizida kichik sanoat zonasi tashkil etilib, 24 ta yangi korxonada mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi. Toshkent shahridagi “Texnopark”, Farg‘onadagi “Mexanika zavodi”da ham bunga misol bo‘la oladi.

    Shu bilan birga, bugungi kunda bo‘sh turgan va past quvvatlarda ishlayotgan yana 19 mingta ob’ekt bor. Mutasaddilarga ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, elektron platformasini yaratish, tadbirkorlar bilan uchrashib, loyihalarni amalga oshirishga yordam berish vazifasi qo‘yildi.

    Joriy yilda umumiy qiymati 6 milliard 500 million dollarlik 226 ta yirik tarmoq va hududiy loyihalar ishga tushirilishi, 35 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishi mo‘ljallangan. Yig‘ilishda ularning ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Muddatidan kechikayotgan loyihalar ko‘rsatib o‘tilib, ularni o‘z vaqtida ishga tushirish choralari belgilandi.

    Davlat tashqi qarzi ishtirokidagi loyihalar samaradorligini oshirish lozimligi alohida ta’kidlandi. Tenderlar ochiq-oshkoraligini ta’minlash va loyihalarni maqbullashtirish orqali mablag‘larni iqtisod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Ma’lumki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar iqtisodiyot rivojida juda muhim o‘rin tutadi. Joriy yilda 756 ta loyiha doirasida 7 milliard 700 million dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kafolatlanmagan kreditlarni o‘zlashtirish belgilangan.

    Davlatimiz rahbari bu mablag‘larni tarmoq loyihalari va hududiy loyihalarga jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

    Yig‘ilishda eksport bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilish holati ham muhokama qilindi. Bu boradagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, bozor kon’yunkturasi tufayli yuzaga kelgan qoloqliklarni boshqa tarmoqlar va qo‘shimcha mahsulotlar eksporti hisobiga qoplash muhimligi qayd etildi.

    Videoselektorda Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari so‘nggi 4 yilda jalb qilingan investitsiyalar samadorligi hamda kelgusidagi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha axborot berdi.